10:39 / 04.04.2016
1983

Ebola balosi barham topdimi?

Ebola virusining xalqaro hamjamiyatga keng miqyosda tarqalish xavfi pasaygan. G‘arbiy Afrika mamlakatlarida tarqalgan Ebola kasalligi, endilikda xalqaro sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat deb baholanmaydi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Ebola bo‘yicha qo‘mitasi bayonot bergan.

“Bu yuqumli kasallikning turli davlatlarga tarqalish xavfi kam va kutilmagan holatlar vujudga kelgudek bo‘lsa, tashkilotga a'zo davlatlar zudlik bilan choralar ko‘ra oladi”, – deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e'lon qilgan hisobotda.

Gvineya, Liberiya va Serra-Leone hukumatlari virusning qamrovi avvalgi miqyosda emasligini ma'lum qilgach, shunday xulosaga kelingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, Ebola virusining G‘arbiy Afrika davlatlarida keng tarqalishi 11 ming 300dan ortiq kishining o‘limiga olib keldi. Ebola umumiy hisobda G‘arbiy Afrikada 28 ming 600 kishiga yuqdi. Tahlilchilarning fikricha, kasallikni yuqtirgan va qurbonlar soni bundan-da ko‘p bo‘lishi mumkin. Chunki, rasmiy statistikaga faqat shifokorlarga murojaat qilganlargina kiritilmoqda.

Qurbonlarning aksariyati uch davlat – Gvineya, Serra-Leone va Liberiya hissasiga to‘g‘ri keldi. Buning oqibatida 22 ming nafar bolalar yetim qolishdi.

Ekspertlarning fikricha, endilikda Gvineya, Liberiya va Serra-Leonega sayyohat qilish va savdo-sotiqda cheklovlar joriy qilinishi maqsadga muvofiq emasligini ta'kidlashmoqda. Qo‘mita tavsiyasiga binoan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Margaret Chen Ebolaga joriy etilgan favqulodda choralarni bekor qildi. Shu bilan birga, mutaxassislar epidemiyadan aziyat chekkan mamlakatlarga ko‘mak berishda davom etmoqda.

Ebola (inglizcha. Ebola Haemorrhagic Fever, EHF, lotincha Ebola febris haemorrhagica) — xavfli virus bo‘lib, unga chalinganlarning 90 foizi vafot etishi mumkin. Tarixda ilk bor bu virus 1976 yilda Sudan viloyatlari va Zoir (hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi) hududlarida qayd qilingan edi. O‘shanda Sudanda 284 kishi bu kasalikka chalingan bo‘lsa, ularning 151 nafari vafot etgan edi. Zoirda esa kasallikka chalingan 318 kishining 280 nafari hayotdan ko‘z yumdi. Kasallik ilk bor Ebola daryosi sohillarida qayd qilingani bois Ebola nomi bilan ataladi.

Epidemiya yillar o‘tib takrorlanishi aytiladi. Eng katta yo‘qotishlar 2003 yildan boshlangan. O‘sha yili Kongoda Eboladan 128 kishi xalok bo‘lgan edi. 2014 yili boshlangan epidemiya esa qamrovi jihatidan eng dahshatli bo‘lgani tan olinadi. Bu gal kasallik nafaqat uchta mamlakatni, balki Afrikaning boshqa xududlarini ham qamrab oldi. Buning oqibatida Nigeriya, Senegal, Mali davlatlarida ham kasallik keng tarqala boshladi. Ebola boshqa qit'alarga, jumladan AQSh, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada kabi mamlakatlarda qayd qilinganidan so‘ng jahon mamlakatlari oyoqqa turdi. Bu mamlakatlarning hammasida Afrikaga borib kelganlar ebolaga chalingani ma'lum bo‘ldi.

Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, Ebola epidemiyasi paydo bo‘lgan joyidan boshqa hududlarga tarqalmasligi aniq. Chunki kasallikning saqlanib qolishi geografik sharoitlarga bog‘liqdir. Ya'ni tabiati, iqlimi, mahalliy hayvonot va o‘simliklar dunyosi tufayli Ebola boshqa hududlarga tarqalishi mumkin emas. Olimlar Ebola yuz yillar davomida G‘arbiy Afrikada bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi, ammo boshqa mintaqalarga tarqalishining imkoniyati deyarli yo‘qligini aytishadi. Har qanday epidemiyaning tarqalishi uchun qo‘zg‘atuvchilar kerak bo‘ladi. Ebola uchun qo‘zg‘atuvchi sifatida qalin o‘rmonlarda banan va ekzotik mevalarni iste'mol qilib kun kechiruvchi hashoratlar ko‘riladi. Yevropa yoki Amerikaga ebola yetib borishi mumkin, ammo keng tarqalmaydi. Chunki buning uchun bu mintaqalarda bunday sharoit yo‘q.

Shuni eslatib o‘tish kerakki, ilk bor ebola bilan bog‘liq hodisa 2014 yilning fevral oyida Gvineyada qayd qilingan va keyinchalik virus qo‘shni Serra-Leone va Liberiyaga tarqalgan edi. 2014 yilning 8 avgust kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebolani global tahdid deya e'lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, ya'ni 16 sentabrda AQSh prezidenti Barak Obama “Ebolaga qarshi urush” e'lon qildi va G‘arbiy Afrika mamlakatlariga uch ming nafar harbiy xizmatchisini jo‘natdi. “Katta yettilik” sammit arafasida Germaniya kansleri Angela Merkel ham ebolani xavfli kasalliklar ro‘yxatiga kiritdi. Jahon bo‘ylab ko‘tarilgan shov-shuvlar o‘z samarasini berdi. Amerikalik harbiylar pandemiyadan aziyat chekayotgan mamlakatlarda kasalxonalar qurishdi. Mintaqadagi davlatlarga dunyoning barcha burchaklaridan insonparvarlik yordamlari va shifokorlar yetib keldi. Bu yil vaziyat yaxshilandi, o‘limlar soni keskin qisqardi. Kasallikka qarshi kurash o‘z natijalarini berdi.

29 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ebola bilan bog‘liq favqulodda holat tartibini bekor qilgandi. Oradan ikki kun o‘tib, Liberiyada ebola virusi tufayli bir bemor vafot etdi. Tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, 31 mart kuni 30 yoshli ayol kasalxonada vafot etgan.

Ayni damda jahon mamlakatlarida ebolaga qarshi vaksina yaratish ustida ishlar davom etmoqda. Birinchilardan bo‘lib norvegiyalik olimlar bu kabi vaksina yaratilgani haqida bayonot berishdi. Biroq vaksinalarning yuz foiz samara berishiga ishonch yo‘qligi xam tan olinadi.

Sharofidin To‘laganov

Top