07:52 / 04.04.2016
1415

Nyu-York politsiyasi boshlig‘i Obama ma'muriyati "ahmoqlik qilayotganini" aytdi

Nyu-York politsiyasi komissari Uilyam Bretton AQSh prezidenti Barak Obamaning aksilterrorchilik faoliyatiga xarajatlarni ikki barobarga qisqartirish qarorini "aqlbovar qilmas ahmoqlik" deb aytdi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Obama jamoasi terrorchilikka qarshi hududiy dasturlarga xarajatlarni deyarli 50 foizga – 600 mln dollardan 330 mln dollargacha kamaytirmoqchi. Ekspertlarning fikricha, "pichoq ostiga" birinchi navbatda kinologik xizmatlar, maxsus bo‘limlar xodimlarini o‘rgatish va shu kabi loyihalar tushadi.

"AQSh ma'muriyatida haqiqiy va aqlbovar qilmas ahmoqlik yuz bermoqda", deb aytdi Bretton 3 aprelda jurnalistlar bilan suhbatda.

Brettonning bu fikrini Nyu-York politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Jon Miller ham ma'qullamoqda. U aynan shaharda ham, shtatda ham aksilterrorchilik xavfsizligi sohasida faoliyatning kuchaytirilishi o‘z mevasini berganiga ishonchi komilligini aytdi.

Millerning aytishicha, politsiya xodimlari oxirgi vaqtlarda terrorchilik hujumlariga uchragan davlatlarga borib, u yerda terrorchilarga qarshi kurash va hujumlarni bartaraf etish uchun ma'lumotlar to‘plaganlar.

"Biz bu davlatlar hukumatlariga biz bilan ma'lumotlar va tadqiqotlar natijalari bilan bo‘lishishlari haqida murojaat qilganmiz. Biz bulardan saboq chiqarib, ularni amaliyotda, Nyu-Yorkda qo‘llashga harakat qilganmiz", deb ta'kidlab o‘tdi Miller.

Top