18:08 / 05.04.2016
1501

Formula-1 poygalarining ikki karra chempioni mulki xatlandi

Formula-1 poygalari bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Emerson Fittipaldining Braziliyadagi mol-mulki bankrotlik ishi yuzasidan xatlangan. Poygachiga tegishli 10ta kompaniya umumiy hisobda 27 million brazil reali (7,5 mln dollar) miqdorida qarzdorlik botqog‘iga botgan. Bu haqda Grande Premio nashri yozdi.

Xabarlarga qaraganda, Fittipaldi hozirda atigi bitta kompaniyasiga egalik qiladi. Gap shundaki, poygachi ixtiyoridagi so‘nggi kompaniyani sotgan taqdirda ham qarzidan qutila olmaydi. Shu boisdan ham, sud mahkamasi Emersonning boshqa mulklari, xususan idora mebellari, kuboklari va poyga avtomobillariga ham taqiq joriy etgan.

69-yoshli Fittipaldining qarzlari 1970-yillar o‘rtalarida, o‘zining Formula-1 jamoasini tashkil etgan vaqtlarda paydo bo‘lgan. Braziliyalikning moliyaviy ahvoli yomonlashuviga uning «San-Paulu bo‘ylab 6 soat» nomli jahon chempionati bosqichini o‘tkazishda ishtirok etgani ham sabab bo‘lgan.

Fittipaldi kompaniyalari 2014 yilgi jahon chempionati bosqichini o‘tkazishdagi qarzlarini hamon to‘lab bo‘lmagan.

Fittipaldi 1970-1980 yillarda Formula-1 poygalarida qatnashgan, 1972 va 1974 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan edi. 1984 yildan 1996 yilgacha, Amerikaning CART poygalarida qatnashgan, 1989 yili uning bosh sovrinini olgandi. 1989 va 1993 yillarda esa, Fittipaldi «Indianapolisda 500 mil» nomli marafon g‘olibi sifatida shohsupaga ko‘tarilgan edi.

Yoshi bir joyga borib qolganiga qaramay, u ba'zan poygalarda ishtirok etib turadi. Xususan, u 2014 yili 67 yoshida, San Pauluda bo‘lib o‘tgan WEC bosqichida Aleksandr Talkanits o‘rniga AF Corse jamoasi sharafini himoya qilgandi. O‘shanda u umumiy hisobda 21 o‘rinni, LMGTE Am toifasida 6 o‘rinni olgandi.

Top