08:13 / 05.04.2016
1450

Islandiyaliklar ofshor mojarosiga aralashib qolgan bosh vazirning iste'fosini so‘rab mitingga chiqishdi

Islandiya aholisi mamlakat poytaxti Reykyavik shahridagi markaziy maydonda to‘planishdi. Ular mamlakat bosh vaziri Sigmyundyur Gyunnleygssonning ofshor kompaniyasi haqidagi ma'lumotlar paydo bo‘lgani tufayli uning iste'fosini talab qilishmoqda.

Bloomberg nashrining mahalliy politsiyaga asoslanib xabar berishicha, namoyishda kamida 4 ming kishi ishtirok etgan. Shahar aholisi soni esa 120 mingga yaqinni tashkil etadi.

"Men shuning uchun bu yerdamanki, hukumatdan noroziligimni bildirish uchun. Qachonki, qonunlarni chiqaruvchilarning o‘zlari qonunlarga amal qilmas ekan bu holatni bartaraf etish kerak", deydi ishtirokchilardan biri.

Yana bir namoyishchi esa bosh vazir o‘z mahkamasi bilan birgalikda iste'foga chiqishini kutayotganini bildirgan.

3 aprel kuni Mossack Fonseca kompaniyasi ma'lumotlar bazasidan axborot chiqib ketishi natijasida OAVda qator dunyo yetakchilari va ularning yaqinlari pul yuvish va soliqlardan bosh tortish bo‘yicha sxemalarga aloqadorligi haqida ma'lumot paydo bo‘lgan edi.

"Panama hujjatlari" oshkor etilishi voqeasidan so‘ng Gyunnleygsson va uning rafiqasi 2007 yilda Britaniya Virjiniyasida Wintris Inc nomli ofshor kompaniya tuzgani ma'lum bo‘ldi.

Top