09:58 / 06.04.2016
1491

Amnesty International: 1989 yildan buyon eng ko‘p miqdordagi qatl etishlar 2015 yilda qayd etildi

2015 yilda dunyoning 25 mamlakatida 1634 nafar mahbusga chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilgan. Bu ma'lumotlar Amnesty International xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkiloti hisobotida keltirildi.

2014 yilda dunyoning 22 mamlakatida 1061 nafar mahbus qatl etilgandi.

O‘tgan yilda bu borada 50 foizlik o‘sish qayd etildi va bu ko‘rsatkich 1989 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Qatl etilganlar soni ko‘pligi bo‘yicha Xitoy, Eron, Pokiston, Saudiya Arabistoni va AQSh nomlari tilga olingan.

Xitoyda har yili minglab mahkumlarning qatli ommaga e'lon qilinmasligi aytilgan. 1,6 mingdan ortiq qatl qilishlarning 90 foizi Eron, Pokiston va Saudiya Arabistoni hissasiga to‘g‘ri kelishi aytilgan. O‘tgan yili AQShda 28 mahbusning qatli qayd etilgan. Bu 2014 yildagidan 7 nafarga kam va bu 1991 yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

2015 yilda dunyoning 61 mamlakatida 1998ta o‘lim hukmi chiqarilgan. 2014 yilda 55 mamlakatda 2466 kishiga o‘lim hukmi e'lon qilingandi. 2015 yil oxiridagi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qamoqxonalarda 20,3 ming kishi o‘ziga chiqarilgan hukm ijrosini kutib yashamoqda.

Qayd etilishicha, Eron, Iroq va KXDRda sudlar xalqaro qonunchilikka rioya etmagan holda faoliyat olib borishib, nohaq hukmlar chiqarishmoqda va bu mamlakatlarda qiynash usullaridan foylalanilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, ba'zi davlatlarda og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar (xususan, qasddan qotillik sodir etilmagan holatlar) uchun ham o‘lim hukmi chiqariladi. Osiya va Yaqin Sharqdagi 12 mamlakatda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun o‘lim hukmi chiqariladi. Saudiya Arabistoni va Maldivda zino uchun, Xitoy, Shimoliy Koreya va Vetnamda iqtisodiy jinoyatlar uchun, Saudiya Arabistonida shirk uchun, Eronda esa payg‘ambarni haqorat qilganlik uchun o‘lim jazosi qo‘llaniladi.

2015 yilda 4 mamlakatda o‘lim hukmini chiqarish bekor qilindi. Bunday mamlakatlar soni ayni vaqtga kelib, 102tani tashkil etadi.

Top