15:58 / 06.04.2016
1598

Qirg‘izistonda "Inqilob kuni" dam olish kuni sifatida e'lon qilindi

Qirg‘iziston parlamenti 7 aprelni bayram sifatida nishonlash va bu kunda dam olish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda TASS nashri Qirg‘iziston qonunchilik organi matbuot xizmatiga asoslanib xabar tarqatgan.

"Ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi", deyiladi xabarda.

7 aprel kunini bayram va dam olish kuni sifatida e'lon qilish tashabbusi mamlakat prezidenti Almazbek Atambayev tomonidan 2 kun oldin berilgandi. Uning fikricha, "respublika barqaror rivojlanish va korrupsiyaga qarshi samarali kurash yo‘liga chiqdi". Shuningdek, u 2010 yilning 7 aprelidagi inqilobdan keyin "Qirg‘iziston qashshoq mamlakatlar qatoridan chiqib erkin demokratik tanlovlar amalga oshiriladigan" mamlakatga aylanganini ta'kidlagan.

"Aprel inqilobi nihoyat qirg‘iz xalqining qarindosh-urug‘chilik tizimi ustidan g‘alaba qilganini ko‘rsatadi. Afsuski, bu g‘alaba bizga qimmatga tushgan. Yuzga yaqin fuqaro bu yo‘lda halok bo‘lishgan, minglab qirg‘izistonliklar to‘qnashuvlar vaqtida jarohatlangan", deya eslaydi davlat rahbari.

2010 yilning 7 aprelida Bishkek shahrining sharqiy qismida minglab kishi o‘shandagi prezident Qurbanbek Bakiyevning iste'fosini talab qilib, mitingga to‘plangandi. Namoyish vaqtida namoyishchilar va huquq-tartibot organlari vakillari, xususan, "Alfa" bo‘linmasi jangchilari o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqadi. To‘qnashuv davomida qurolga ega bo‘lgan namoyishchilar hukumat binosi oldidagi maydonga yo‘l oladi.

Binoni qo‘riqlab turgan harbiy xizmatchilar esa namoyishchilarga qarata o‘t ochishi natijasida 87 kishi halok bo‘lib, yuzlab kishi jarohatlanadi. Shu bilan bir vaqtda, Bakiyevning tarafdorlari uning qochib ketishiga yo‘l ochib berishadi. U avvaliga o‘z qishlog‘iga, keyinroq xorijga yo‘l oladi. Ayni vaqtda u Belarus hududida yashamoqda.

Top