18:17 / 06.04.2016
1528

Seul va uning atrofida Shimoliy Koreyaning 20 mingga yaqin tashviqot varaqalari topildi

Janubiy Koreya respublikasi poytaxti Seul va unga tutash Ko‘yan tumanida 20 mingga yaqin varaqa hamda 40ta audiodisk topilgan. Ularning bari mamlakat hukumatiga qarshi tashviqot mazmunida bo‘lib, KXDRda tayyorlangan. Bu haqda politsiya mahkamasi vakillari OAVga ma'lum qilgan.

"Chop etilgan va multimedia materiallari, Koreya respublikasi prezidenti Pak Kin He hamda hukmron "Senuri" partiyasi sha'niga nisbatan nojoiz so‘zlar va bo‘htonlar bilan to‘lib toshgan", - deyishgan huquq-tartibot idoralari xodimlari.

Bundan tashqari, Seulning Tondemun tumanidagi metro bekati yaqinida ham shunga o‘xshash o‘nlab varaqalar topilgan. Ularda Janubiy Koreya harbiylari mazax qilingan hamda AQSh bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan harbiy mashg‘ulotlarga barham berishga chaqirilgan.

Hozirda politsiya kuzatuv kameralari yordamida sahifalarning qanday qilib poytaxtning qoq markazida paydo bo‘lganiga oydinlik kiritmoqda.

Ikki Koreya o‘rtasidagi tashviqot urushi Janub tomoni 8 yanvardan chegaraoldi hududlarida balandovozli karnaylardan eshittirishlarini boshlagach, avj olib ketdi.

Rasmiy Pxenyanning 6 yanvar kuni yadro sinovini o‘tkazishiga javoban shunday chora ko‘rilgandi. Shu kunning o‘zida, ya'ni 8 yanvarda KXDR ham o‘z karnaylarini ishga tushirdi. Tomonlar bir-biriga davriy ravishda tashviqot mazmunidagi sahifalar to‘ldirilgan havo sharlarini yuborib kelmoqda.

Top