20:10 / 06.04.2016
1737

Yaponlar oddiy akkumulyatordan yuz barobar tezroq quvvatlanuvchi akkumulyator ixtiro qilishdi

Nikkei sayti ma'lumotlariga ko‘ra, Yaponiyaning Kaneka korporatsiyasi Ayti texnik universiteti ishtirokida antiqa litiy-ionli akkumulyator ixtiro qildi. Bu akkumulyator oddiy akkumulyatordan 100 barobar tezroq quvvatlanadi va o‘zining dastlabki ko‘rsatkichlarini hattoki 5 ming quvvatlanish siklidan keyin ham yo‘qotmaydi.

Tadqiqotchilar bunday ajoyib natijaga qanday erishganlarini oshkor qilishmadi va faqatgina akkumulyator uglevodorod nanotrubkalar asosida yaratilganini ma'lum qilishdi. Kaneka yaqin 5 yil ichida bunday akkumulyatorlarni ommaviy ravishda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bunday akkumulyatorlar mobil texnika, taqib yuriluvchi elektronika va elektromobillarda ishlatilishi taxmin qilinmoqda.

Kaneka’da aytilishicha, quvvatlash tezligi akkumulyator qanday qurilmaga o‘rnatilganiga bog‘liq bo‘ladi. Misol uchun, bunday batareyalar bilan jihozlangan smartfonlar hozirdagidan bor-yo‘g‘i 10 martagina tezroq quvvatlanishi mumkin. Kattaroq sig‘imdagi akkumulyatorlar esa 100 marta tezroq quvvatlanishi mumkin.

Shunga o‘xshash texnologiyani fevral oyida MWC 2016 ko‘rgazmasida Xitoyning Oppo kompaniyasi taqdim qilgandi. Uning smartfoni bor-yo‘g‘i 15 daqiqada to‘liq quvvatlana olgandi.

Top