16:05 / 08.04.2016
1440

Pentagon kemalarga qarshi yangi texnika namunasini namoyish etdi

AQSh mudofaa ma'muriyati besh yildan so‘ng, Tinch okeanidagi floti ixtiyoriga, yangi, inson boshqaruvisiz 2-3 oy dengizda suzib, vazifani uddalay oladigan robot kemani topshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Robert Uork yangi ixtironi tantanali nomlash marosimida qilgan chiqishida ma'lum qilgan. Uni "Sea Hunter" ya'ni dengiz ovchisi deb nomlashdi.

Uzunligi 40 metr bo‘lgan kemalarga qarshi dengiz texnikasi radarlar va kameralar bilan jihozlangan. Uni ikkita dizel motori harakatga keltirib, tezligini soatiga 50 kilometrgacha chiqara oladi. U suvosti kemalariga qarshi turish maqsadida ishlab chiqiladi. Dengizchilar va qurollardan xoli bo‘lgan kema raqib suvosti kemasini topgach, uning kuzatib boradi va manziliga oid xabarlarni avtomatik ravishda uzatadi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu namuna asosida "Dengiz ovchilari" flotiliyasi tashkil etiladi. Shuningdek, dastur muvaffaqiyatli yakunlansa, 5 yildan so‘ng, AQShning Yaponiya sohillarida joylashgan 7 harbiy dengiz bazasi ixtiyoriga beriladi.

Ushbu kemaning tannarxi 20 million dollarga baholanmoqda, uning safar xarajatlari kuniga 20 ming dollarni tashkil etadi. 2010 yil boshlangan loyihani esa, Pentagonning istiqbolli tadqiqotlar boshqarmasi nazorat qiladi.

Ta'kidlash joiz, Amerika harbiy dengiz floti qo‘mondonligi ushbu yangilik Rossiyaning dizel-elektr suvosti kemalariga qarshi vosita sifatida ishlab chiqarilishini yashirmayapti. G‘arb manbalari tarqatgan ma'lumotlarga ko‘ra, Jazoir Rossiyadan shunday suv osti kemasidan ikkitasini sotib olmoqchi. Venesuela - 5, Indoneziya - 6 kemaga buyurtma bergan. Eron esa allaqachon Rossiyadan 17 dona shunday suvosti kemasini xarid qilganini e'lon qilgan.

Umuman, Pentagon rahbari Eshton Karter, kelasi moliya yilida, uning ma'muriyati ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga 71,4 mlrd dollar mablag‘ sarflashini bildirgan edi.

Top