13:36 / 09.04.2016
1523

Belgiya politsiyasi Bryusseldagi teraktlarga aloqasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan terrorchilarni qo‘lga oldi

Belgiya politsiyasi Parij va Bryusseldagi teraktlar ishtirokchilari bo‘lishi mumkin bo‘lgan Muhammad Abriniy va Usama Krayamni qo‘lga oldi. Gumonlanuvchilar Bryusselning Anderlext kommunasida hibsga olingan. Bu haqda Bryusseldagi matbuot-anjumanida Belgiya federal prokurori Frederik Van Lev ma'lum qildi.

Tergovchilar taxminiga ko‘ra, Belgiyada yashagan, kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan 31 yoshli Muhammad Abriniy 2015 yil noyabrdagi Parijdagi va yaqinda Bryusselda amalga oshirilgan teraktlarni tashkil qilishga aloqador.

"Prokuratura Muhammad Abriniyning hibsga olinganini tasdiqlashi mumkin. Ayni vaqtda biz u 22 martda Bryussel aeroportida kuzatuv kameralari tomonidan ikki terrorchining yonida muhrlangan odam (shlyapali odam) ekanligi haqidagi ma'lumotni tekshirmoqdamiz", deb aytdi Van Lev.

Bundan tashqari, huquq-tartibot muassasalari hujumlarga aloqasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan 3 kishini hibsga oldi. Tergovchilarning fikricha, aynan Abriniy aeroportda terrorchilarga hamrohlik qilgan uchinchi – "shlyapali odam" bo‘lishi mumkin.

Ehtimol, u ham bombani portlatishi kerak bo‘lgan, biroq oxirgi lahzada qochib qolgan. Usama Krayam esa Malbek metro stansiyasidagi teraktga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Belgiya huquq-tartibot muassasalari hibsga olinganlar haqida juda kam ma'lumot berishiga qaramasdan, mahalliy OAV Abriniyning Parijdagi teraktlarga aloqasi borligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Aynan Abriniy Fransiya shimolida teraktlardan ikki kun avval kuzatuv kameralari tomonidan Parijdagi teraktlarning ijrochisi va ehtimol tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Saloh Abdisalom bilan birga qora avtomobil rulida o‘tirganda qayd qilingan.

Top