18:07 / 09.04.2016
1555

Ismoil Umar Gelle Jibutining prezidenti sifatida qayta saylandi

Afrikadagi Jibuti respublikasining amaldagi prezidenti Ismoil Umar Gelle 86,68 foiz saylovchilarning ishonchiga sazovor bo‘lib, yana besh yillik muddatga davlat rahbari lavozimiga saylandi. U, 1999 yildan beri Jibutini boshqarib keladi. Bu haqda, mamlakat ichki ishlar vaziri Xasan Umar Muhammad Burhon bayonot bergan.

Davlat rahbari o‘z navbatida, milliy televideniye orqali chiqish qilar ekan, Jibuti xalqi davlat rahbarligini unga yana bir bor ishongan ekan, buni qabul qilishini aytgan. U, ertaning o‘zidayoq, mamlakatdagi ishsizlik va turmush darajasining pastligiga qarshi kurashishni davom ettirishini ta'kidlagan.

Prezidentlik uchun boshqa nomzodlar esa, undan sezilarli ortda qolgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, umumiy saylovchilarning 68 foizi ovoz berish jarayonlarida ishtirok etgan. Avvallari bu raqam, 25 foizdan oshmaganligini alohida qayd etish joiz.

Jibuti Afrikaning Aden ko‘rfazidagi kichik ammo strategik muhim davlati hisoblanadi. Mamlakatda AQSh, Fransiya va boshqa davlatlarning harbiy bazalari mavjud. Jibuti portlarida shuningdek, Somali dengiz qaroqchilariga qarshi kurashayotgan kemalar ham bor.

Top