09:46 / 09.04.2016
1577

Roman Abramovichning Nyu-Yorkdagi uylari sanksiya ostiga tushdi

2014 yil oktabridan boshlab Chukotkaning sobiq gubernatori, rossiyalik milliarder Manxettenda ko‘chmas mulk obektlarini sotib ola boshlagandi. New York Post gazetasining ma'lumotlariga ko‘ra, Abramovich Nyu-Yorkning 75-ko‘chasidagi uchta qo‘shni uyni sotib olish uchun 78 mln dollarga yaqin pul sarflagan.

Abramovich ushbu uchta uyni 1,5 ming kvadrat metrdan kattaroq maydon, yerto‘lada basseyn va 10 metrlik ichki hovliga ega bitta uyga birlashtirmoqchi edi. Bu rekonstruksiya ishlari uchun sarf-xarajatlar 6 mln dollarni tashkil qilishi belgilangandi.

Biroq Abramovichning arxitekturaviy orzulari shaharning Diqqatga sazovor joylarni muhofaza qilish komssiyasi sababli puchga chiqdi. Komissiya milliarderning bu g‘oyasini "chidab bo‘lmas iste'molning yangi darajasi" deb atadi. Abramovichning uylari joylashgan Yuqori Ist-Sayd tumani Manxettenning tarixiy qismi hisoblanadi va bu yerda qurilish ishlarini ehtiyotkorlik bilan olib borish lozim.

Natijada Nyu-Yorkning qurilish departamenti Abramovichning rejasini man qildi. Biroq milliarderning g‘oyasini amalga oshirishga bel bog‘lagan arxitektura byurosi bu loyihani hali ham amalga oshirish mumkinligiga umid bog‘lamoqda va bu g‘oyani avvalgidek "ulkan" bo‘lmasada, sal "kamtarroq" holda amalga oshirish uchun ruxsat olishga yana hujjatlar topshirmoqchi.

Abramovich Buyuk Britaniya va AQShdagi hashamatli uylaridan tashqari, Londonning "Chelsi" futbol klubi, shaxsiy "Boing-767" samolyoti, uchta lyuks sinfidagi yaxta (ulardan birining uzunligi 162,5 metr bo‘lib, u bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqatgina Abu-Dabi amirining yaxtasidan ortda qoladi) va boshqa ko‘plab qimmatbaho ko‘char va ko‘chmas mulk obektlariga ega.

Top