16:46 / 10.04.2016
2148

Fransiya maxsus xizmatlari noyabrdagi teraktlar haqida 141 kun oldin xabardor bo‘lgan

Fransiya maxsus xizmatlariga 2015 yilning 13 noyabrida sodir etilgan "Parij terakti" tayyorlanayotgani haqida 141 kun oldin ma'lumot kelib tushgan. Bu haqda Journal du Dimanche xabar yozdi.

Xabarda aytilishicha, Nikolya ismli Fransiya fuqarolaridan biri Suriya hududidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etgan jangarilar tomonidan hujumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma'lumot bergan.

31 yoshli bu shaxs Iroqning Raqqa va Falluja shaharlarida 1 yildan ortiq vaqt bo‘lib, keyin Turkiyaga qaytib, Fransiya hukumatiga taslim bo‘lgan. U tergov vaqtida Fransiya va Belgiyada teraktlar uyushtirish rejalashtirilgani haqida aytgan, lekin u teraktlar uchun qaysi vaqt va joylar tanlangani haqida ma'lumot bera olmagan.

U teraktlardan keyin Sen-Denidagi amaliyot natijasida yo‘q qilingan Abdulhamid Abaudning bu terakt tashkilotchisi bo‘lishini ham aytgan.

U shuningdek, maxsus xizmatlar vakillariga Abaud teraktni amalga oshirish uchun Belgiyadagi rahbariyatdan tegishli ko‘rsatma olgani va 25 kg miqdoridagi portlovchi moddaga ega bo‘lgani haqida bildirgan.

Bundan oldinroq, Bryusselda Fransiyadagi teraktlarga aloqadorlikda gumon qilinib, bir kishi qo‘lga olingani haqida ma'lumot berilgandi.

U terrorchilarning sherigi Muhammad Abriniy bo‘lib, u Bryussel aeroportida teraktlar amalga oshirilishidan oldin kuzatuv kameralari orqali boshqa ikki jangari bilan yonma-yon ketayotganida tasvirga olingan.

Muhammad Abriniy 2015 yilning noyabridan buyon qidirilayotgan edi. U kuzatuv kameralari yozuvlarida Fransiya poytaxtidagi teraktlardan ikki kun avval Saloh Abdislom bilan birga aks etgan.

Parijga hujum uyushtirishni tashkil etishda yordam bergan Saloh Abdislom 2016 yilning martida Bryussel shahrining chekka qismida qo‘lga olingan edi. U qo‘lga olingandan bir necha kun o‘tib, terrorchilar Belgiya poytaxti aeroporti va metrosida portlashlarni amalga oshirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 13 noyabr kunida Parij shahrining 6 nuqtasi bo‘ylab IShID a'zolari tomonidan keng ko‘lamli hujumlar uyushtirildi va natijada 130 kishi halok bo‘lib, 350dan ortiq kishi jarohatlandi.

Shu yilning 22 mart, seshanba kunida Bryussel aeroporti va metrosida sodir bo‘lgan bir necha portlash natijasida so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra 34 kishi halok bo‘ldi, yana 200 dan ziyod kishi jarohatlandi.

Top