22:44 / 11.04.2016
1889

Nikoh rak xastaligiga qarshi vosita ekani aniqlandi

Rak xastaligi bilan og‘rigan bemorlarning turmush o‘rtog‘i bo‘lishi ularning omon qolish imkoniyatini oshirishi qayd etildi. Amerikalik olimlar 800 ming kishini tekshirib chiqib shunday qarorga kelishgan. Tadqiqot natijalari Cancer jurnalida e'lon qilingan, bu haqida esa The Guardian nashri xabar berdi.

Olimlar 2000-2009 yillar davomida Kaliforniyada yashagan va rakning o‘limga olib keluvchi turi bilan og‘rigan 393 ming erkak va 389 ming ayollarning kasallik varaqalarini ko‘rib chiqish huquqini qo‘lga kiritishgan. Tadqiqotchilar bemorlarning taqdirlari qanday kechishini 2012 yilga qadar kuzatishgan.

Boshqa omillarni hisobga olgan holda shunisi ma'lum bo‘ldiki, nikoh erkak va ayollarga ham rak bilan kurashishga yordam beradi. Ammo bu omilning samarasi bemorning jinsiga, irqiga va etnik kelib chiqishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu omil oq tanli va janubiy amerikalik bo‘lmagan erkaklar uchun samaraliroq ekani aniqlandi: bu guruhdagi bo‘ydoq erkaklarda turmush qurgan erkaklarga nisbatan 24 foizga ko‘proq rakdan vafot etish imkoniyati mavjud (bu guruhdagi ayollarda esa 17 foizni tashkil etdi).

Bundan tashqari, Hindistonda, Xitoyda va Yaponiyada tug‘ilgan, turmush qurmagan erkak va ayollar ushbu xastalikdan qattiq aziyat chekishlari ma'lum bo‘ldi. Olimlarning taxminiga ko‘ra, ular AQShga kelib, o‘zlarining an'anaviy madaniyatlaridan va oilaviy qadriyatlaridan uzilib qolishadi. Bu esa ularning zaiflashishiga olib keladi.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, oila qurgan insonlarning juftliklari shifokorlarning oldiga olib borishi, ruhlantirishi va tinchlantirishi, dorilarni vaqtida ichishni eslatib turishi ularning kasalliklarini yaxshiroq yengib o‘ta olishlariga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, umr yo‘ldoshlar xavfli kasallikning alomatlariga e'tibor berib, rakni oldindan aniqlanishiga yordam berishlari qayd etilgan.

Top