23:00 / 12.04.2016
1474

Tramp AQSh prezidenti bo‘lsa o‘zining sobiq raqiblaridan ma'muriyat shakllantirmoqchi

Respublikachi Donald Tramp noyabrda o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijasida Oq uyga keladigan bo‘lsa, o‘zining ma'muriyati tarkibiga partiya bo‘yicha avvalgi raqiblarini kiritishi imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor bo‘ladi. Tramp bu haqda USA Today gazetasida chop etilgan intervyusida aytib o‘tdi.

"Ha, menga Marko Rubio yoqadi. Ha, uni kiritgan bo‘lardim", deb aytdi respublikachi nomzodlar orasida yetakchilik qilayotgan Tramp undan saylovlarda g‘alaba qozonsa boshqa nomzodlarni o‘z ma'muriyati rahbariyatidagi lavozimlarga taklif qilishi mumkinligi haqida so‘ralganda. Tramp bunda saylovoldi poygasidan chiqib ketgan, Florida shtatidan senator Marko Rubio haqida gapirdi. Tramp, shuningdek, AQSh prezidenti sifatida Ogayo va Viskonsin shtatlari gubernatorlari, respublikachilar Jon Keysik va Skott Uoker bilan ishlashga tayyorligini aytgan.

Tramp, shuningdek, vitse-prezident lavozimini kimga taklif qilish mumkinligi haqida o‘ylayotganini tasdiqladi. "Menda vitse-prezident borasida odamlar bor. Men hech kimga ularning kimligini aytmagan", deb aytdi Tramp.

AQSh Respublikachilar partiyasining umummilliy qurultoyi 18-21 iyulda Klivlendda (Ogayo shtati) bo‘lib o‘tadi, unda mamlakat prezidentiga Respublikachilar partiyasidan rasmiy nomzod qo‘yiladi. Partiyadan saylovda qatnashadigan nomzod qurultoyda ishtirok etadigan 2472 delegatning 1237 nafarining ovozini olishi kerak.

Top