14:35 / 13.04.2016
1458

Gretsiya bosh vaziri Yevropa bo‘ylab safarga otlandi

Gretsiya bosh vaziri Aleksis Tsipras Yevropa davlatlari bo‘ylab rejalashtirilmagan safarga chiqmoqda. Chorshanba kunidan boshlab u Parij, Strasburg va Bryusselga tashrif buyuradi. Bu haqda grek hukumati matbuot xizmati xabar qilgan.

RIA Novosti agentligi o‘z manbalariga tayangan holda xabar qilishicha, bosh vazirning mazkur safari kreditorlar bilan muzokaralarning boshi berk ko‘chaga kirib qolishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, grek islohotlarini baholashning cho‘zilib ketishi ham Aleksis Tsiprasning amaliy choralar ko‘rishiga sabab bo‘lmoqda. Aks holda, mamlakatga navbatdagi kredit transhi berilmasligi mumkin.

Bugun kechqurun Tsipras Fransiya prezidenti Fransua Olland bilan amaliy uchrashuv o‘tkazadi. RIA Novosti agentligining ma'lum qilishicha, bundan avval, Ollandning Tsipras bilan uchrashuvi rejalashtirilmagandi.

14 aprel kuni Gretsiya bosh vaziri ishchi tushlik vaqtida Yevropa parlamenti raisi Martin Shults bilan Strasburgda muloqot o‘tkazadi.

Shundan so‘ng, Tsipras Bryusselga otlanib, Aksel Shpringer jamg‘armasida uyushtiriladigan ishchi kechki nonushta vaqtida "Grek iqtisodiyotining hozirgi ahvoli va istiqbollari" mavzusida ma'ruza qilishi belgilangan.

Aytish joizki, Gretsiya tomoni ushbu uchrashuvga bir yarim oy mobaynida tayyorgarlik ko‘rgan. Ma'lumki, Shpringer matbuoti grek hukumati siyosatining keskin tanqidchilaridan hisoblanadi.

RIA Novosti agentligining xabarlariga qaraganda, Tsiprasning Olland va Shults bilan muzokaralarida kreditorlar bilan bog‘liq masalalar muhokama etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro valyuta jamg‘armasining bahorgi sessiyasi munosabati bilan Gretsiyaga kredit ajratish bo‘yicha muzokaralar 18 aprelga qadar to‘xtatilgan edi. Islohotlarni baholash kechikib borayotgani tufayli, Afina davlat qarzlarini to‘lash muddati yetgan vaqtda kreditsiz qolishi mumkin.

Kreditorlar Tsipras hukumatidan mablag‘larni iqtisod qilishda yanada jiddiyroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Top