09:51 / 13.04.2016
1539

Kerri: Ziddiyatlarga barham berishda AQSh iqtisodiy qudratini ham unutmaydi

AQSh jahondagi mavjud mojarolarga barham berish barobarida o‘zining asosiy ustunligi- iqtisodiy salohiyatini saqlab qolishni ham yoddan chiqarmaydi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Jon Kerri Los-Anjyelesdagi Tinch okeani xalqaro siyosat kengashidagi ma'ruzasida bayonot berdi.

"Garchi qator "muzlatilgan" va yangi ziddiyatlar mavjudligiga qaramay, har qachon va har yerda iqtisodiy qudratimizni saqlab qolish asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi. U bizning jahon bozoriga bevosita ta'sir etish manbaimizdir. Biz erishishni xohlagan maqsadlarimiz yo‘lida iqtisodiy siyosat yuritamiz. Bu sohada Trans-tinch okeani iqtisodiy hamkorligi doirasida muzokaralar o‘tkazib, uni hayotga tatbiq etish bizning yetakchiligimizni ta'minlaydigan manbalardan biridir", degan Jon Kerri.

Davlat kotibining ta'kidlashicha, "u lavozimini egallagandan beri, tashqi siyosat bu iqtisodiy siyosat, iqtisodiy siyosat bu tashqi siyosat, deya takrorlab keladi".

Jon Kerri o‘z chiqishida, jahondagi muammolarga zamon ko‘zi bilan qarash muhimligini aytar ekan, Amerikaning o‘ziga xosligini yana bir marotaba takrorladi.

"So‘nggi yillarda Amerika iqtisodiyoti qayta oyoqqa turdi. Xususiy sektordagi ish joylari, barcha sanoati rivojlangan davlatlardagi ish joylaridan ko‘pdir. Ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etmoqda. Yaqin-yaqinlarda ham orzu qilish mumkin bo‘lgan energetik mustaqillik haqiqatga yaqin turibdi. Amerika kollej va universitetlari hamon dunyoning eng yaxshi ta'lim muassasalari hisoblanadi, olimlar va muhandislarimiz eng ko‘p kashfiyot, ixtirolar qilishmoqda", - deb ta'kidlagan Kerri.

U, shuningdek, AQSh qurolli kuchlariga ham to‘xtalib, "Amerika harbiylari eng yaxshi jihozlangan, jangovar tayyorgarligi yuqori armiya askarlaridir" deya, ularga yuqori baho bergan.

Top