21:38 / 15.04.2016
1759

Oliy Liga, 5-tur. «Paxtakor» yana ochko yo‘qotdi, «Nasaf» va «Lokomotiv» o‘z o‘yinlarida g‘alaba qildi

Bugun, 15 aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 3ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Osiyo Chempionlar Ligasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotgan klublardan uch jamoa ishtirokidagi o‘yinlarning dastlabkisi Toshkentda, «Lokomotiv» va «Mash'al» o‘rtasida o‘tkazildi. Unda mezbonlar 3:1 hisobida g‘alaba qilishdi. «Temiryo‘lchilar» tarkibidagi gollarga Server Jyeparov, Sardor Mirzayev va Temurxo‘ja Abduholiqov mualliflik qildi. «Mash'al»ning yagona goli uchrashuvning so‘nggi daqiqasida Shaymanov tomonidan urildi.

Mavsum boshidan buyon o‘tkazilgan rasmiy o‘yinlarning hech birida mag‘lubiyatga uchramagan Toshkentning «Lokomotiv» klubi hisobidagi ochkolar soni endilikda 13taga yetdi va jamoa turnir jadvalining birinchi o‘rnida joylashgan. «Mash'al» esa 5 turdan 4 ochko jamg‘arib, to‘qqizinchi o‘rinda qolmoqda.

Navoiy shahrining «Qizilqum» jamoasi va amaldagi chempion «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa poytaxtliklar yana ochko yo‘qotdi. Dastlabki 4 turdan keyin 3 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 10 ochko bilan yetakchilar safida borayotgan «Qizilqum» ikkinchi durangga erishdi.

O‘tgan turda mavsum debyutanti, Toshkentning «Obod» jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan navoiyliklar klubi, bu safar «Paxtakor» bilan ham shu natijaga imzo chekdi.

Uchrashuvda «Paxtakor» hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Sergeyev 64-daqiqada gol urgan bo‘lsa, Shodmonov 72-daqiqada hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Kamoliddin Tojiyev 81-daqiqada yana «Paxtakor»ni hisobda oldinga olib chiqqan edi, ammo 90+4 daqiqada Kvesiyeshvili gol kiritib, yakuniy 2:2 hisobini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu «Paxtakor»ning ketma-ket uchinchi durang natijasi edi. Endilikda navoiyliklar 11 ochko bilan uchinchi o‘rinda, «Paxtakor» esa 9 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda.

Qarshining «Nasaf» klubi esa o‘z maydonida «Qo‘qon-1912» klubini qabul qildi va kichik hisobda g‘alabaga erishdi. Uchrashuvning 24-daqiqasida Atrur Gevorkyan ikkinchi marta ogohlantirilib, maydondan chetlatilgan bo‘lsa-da, qarshiliklar g‘alaba qozonishni uddalay olishdi. Uchrashuvdagi yagona gol 28-daqiqada Sherzod A'zamov tomonidan urildi.

«Nasaf» «Lokomotiv» bilan bir xil, 13tadan ochko jamg‘arib, turnir jadvalida qo‘shhokimlik o‘rnatgan. «Qo‘qon-1912» 6 ochko bilan sakkizinchi o‘rinda joylashgan.

O‘zbekiston Oliy Ligasi
5-tur bellashuvi
15 aprel, juma

«Lokomotiv» — «Mash'al» 3:1
Gollar: Server Jyeparov, 27-pen (1:0). Sardor Mirzayev, 67 (2:0). Temurxo‘ja Abduxoliqov, 79 (3:0). Shahzod Shaymanov, 90+1 (3:1).

«Qizilqum» — «Paxtakor» 2:2
Gollar: Igor Sergeyev, 64 (0:1). Samandar Shodmonov, 72 (1:1). Kamoliddin Tojiyev, 81 (1:2). Georgiy Kvesiyeshvili, 90+4 (2:2).

«Nasaf» — «Qo‘qon—1912» 1:0
Gol: Sherzod A'zamov, 28 (1:0).
Chetlatish: Artur Gevorkyan, 24 (N).

Tur o‘yinlari 16-17 aprel kunlari davom ettiriladi. Shanba kuni «Metallurg» — «Obod», «Navbahor» — «Sho‘rtan», «Neftchi» — «So‘g‘diyona», «Bunyodkor» — «Olmaliq» uchrashuvlari o‘tkazilsa, «Buxoro» — «Andijon» yakshanba kuniga belgilangan.

Top