15:21 / 15.04.2016
1567

Rossiya va Qirg‘iziston neft va neft mahsulotlari bo‘yicha kelishuvni imzolash arafasida

Rossiya hukumati Qirg‘iziston bilan neft va neft mahsulotlarini bojxona to‘lovlarisiz yetkazib berish bo‘yicha kelishuv loyihasini ma'qulladi.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev 2016 yilning 9 aprelida shu mazmundagi buyruqqa imzo chekkan.

Unga ko‘ra, RF energetika vazirligi TIV ishtirokida Qirg‘iziston tomoni bilan muzokaralar o‘tkazib, ushbu bitimni imzolashi kerak.

Hujjatga muvofiq, Rossiyadan Qirg‘iziston ichki iste'moli uchun eksport qilinayotgan neft va neft mahsulotlaridan bojxona to‘lovlari olinmaydi.

Bojxona to‘lovlarisiz yetkazib beriladigan mahsulot hajmi 2016 yil 31 dekabriga qadar tasdiqlanishi rejalashtirilgan.

Belgilangan me'yordan ortig‘iga bojxona to‘lovi joriy etiladi.

Qayta eksport qilish hollari qayd etilgan hamda o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilmagan taqdirda Rossiya tomoni bojxona to‘lovlarisiz neft mahsulotlari yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin.

Bu qoida YeOIIning (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi) boshqa davlatlaridan kirib kelgan, ammo Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlariga ham tegishlidir.

Rossiya Qirg‘izistonga yoqilg‘i-moylash mahsulotlariga bo‘lgan jami ehtiyojining (yiliga 1 mln tonnaga yaqin) 90 foizini yetkazib beradi. 2010 yilgacha neft mahsulotlari imtiyozli asosda yetkazib berilgan, shundan so‘ng, Rossiya 100 foizlik bojxona to‘lovlarini joriy qilgan edi.

Top