17:22 / 15.04.2016
1371

Tarixda ilk marta BMT bosh kotibi lavozimi uchun nomzodlar bilan suhbat o‘tkazildi

14 aprel kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida tarixda ilk marta tashkilotning bosh kotibi lavozimiga nomzodlar ishtirokidagi suhbatlar yakunlandi.

Bu lavozim 2017 yilning 1 yanvarida bo‘shaydi. So‘nggi kun uch nafar nomzod suhbatdan o‘tishdi - Serbiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Vuk Yeremich, BMT taraqqiyot dasturi adminstratori Helen Klark (Yangi Zelandiya) va Makedoniya TIVning sobiq rahbari Srdjan Kerim.

Ularning har biriga qisqa kirish so‘zi va BMTga a'zo davlatlar diplomatlari va fuqarolik jamiyati vakillarining savollariga javob berish uchun ikki soatdan vaqt ajratildi.

Nomzodlarning har biri o‘zini mamalakatlarning fikrini inobatga oluvchi, ammo bosim o‘tkazib bo‘lmaydigan yetakchi va mohir boshqaruvchi qilib ko‘rsatishga harakat qildi. Ular BMT faoliyatining samaradorligini oshirishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi. Ba'zi nomzodlarning javoblari bir-biriga o‘xshash bo‘lsa-da, ularning ayrimlari diqqatni tortdi.

BMT saytida olti xil tilda (rus, ingliz, arab, ispan, xitoy va fransuz) to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan suhbatlarni turli mamlakatlardagi 227 ming atrofidagi tomoshabinlar kuzatishgan.

Top