10:06 / 15.04.2016
3006

Xitoy YaIM 2016 yil birinchi choragida 6,7 foizga o‘sdi

2016 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, XXR YaIM o‘sishi sur'atlari 6,7 foizni tashkil etgan. Xitoy Davlat statistika boshqarmasi hisobotida shu haqda so‘z yuritilgan.

Umuman, Xitoy milliy iqtisodiyotining o‘sish sur'atlari yildan-yilga sekinlashmoqda. Xususan, 2010 yilda Xitoy YaIMi 10,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2011 yili 9,2 foizni tashkil etdi. 2015 yilda bu ko‘rsatkich tushishda davom etib, 6,9 foizdan iborat bo‘ldi.

Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Xitoy sanoat ishlab chiqarishi 5,8 foizga o‘sgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,3 foizga kam demakdir. Qayd etish o‘rinliki, so‘nggi bir necha yillar mobaynida Xitoy sanoatida ham o‘sish ko‘rsatkichlari pasayib bormoqda. Jumladan, 2011 yili mamlakatning yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 13,9 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib, bu boradagi raqam 6,1 foizni tashkil etdi.

Xitoyning asosiy fond bozorlariga kiritilgan sarmoyalar hajmi qishloq xo‘jaligini istisno qilgan holda, shu yilning birinchi choragida 10,7 foizga o‘sib, 8,58 trln yuanni (1,32 trln dollar) tashkil etgan.

"Bu borada ham mamlakatda sekinlashish jarayoni kuzatilmoqda", deyiladi davlat statistika boshqarmasi hisobotida.

2011 yili investitsiyalar hajmi 31,8 foiz bo‘lganini e'tiborga olgan holda, 2014 yilgi ko‘rsatkich 15,7 foizni tashkil etgani, sarmoya kiritish qaydaraja kamayganini tushunishga yetarli hisoblanadi.

XXR hukumati prognozlariga ko‘ra, joriy yilda qishloq xo‘jaligidan boshqa Xitoy asosiy fond bozorlariga kiritiladigan jami sarmoyalar hajmi 10,5 foizga o‘sib, 60,95 trln yuanni (9,34 trln dollar) tashkil etadi.

Top