08:52 / 19.04.2016
1397

Yerevanda Armanistonning sobiq prezidenti uyiga granata uloqtirgan shaxs qo‘lga olindi

Armaniston milliy xavfsizlik xizmati xodimlari va politsiya mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyanning uyiga granata uloqtirgan shaxsni qo‘lga olgan. Bu haqda Armaniston politsiyasi matbuot xizmati boshlig‘i Ashot Agaronyanga asoslanib, "Interfaks" agentligi xabar tarqatdi.

Uning aytishicha, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z kvartirasida ushlangan.

Qo‘lga olingan shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Ayni vaqtda tergov ishlari davom etmoqda.

15 aprel kuni kechasi 1998-2008 yillar davomida Armaniston prezidenti lavozimini egallagan Robert Kocharyanning Yerevendagi uyiga hujum uyushtirilgani aniqlandi. Noma'lum kimsa qo‘riqchilar xonasi tomonga o‘quv granatasi uloqtirgan.

Robert Kocharyan Armanistonning ikkinchi prezidenti, 1994-1996 yillarda esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ning birinchi prezidenti bo‘lgan.

Avgustda 62 yoshni qarshi oladigan Kocharyanning o‘zi hodisa ro‘y bergan paytda «Sistema» kompaniyasi direktorlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Moskvada bo‘lgan.

Top