20:31 / 20.04.2016
1370

77 kishining qotili Breyvik Norvegiya hukumatiga qarshi sudda 35 ming yevro undirdi

77 kishini o‘ldirganlik uchun jazolangan norvegiyalik Anders Breyvik qamoq jazosini o‘tash vaqtida inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha Norvegiya hukumatiga qarshi ishni qisman yutdi, ya'ni u hukumatdan 35 ming yevro tavon puli undirishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Oslo okrug sudi qotilning unga nisbatan Yevropaning qiynoqlar va inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala qilishni taqiqlash konvensiyasining 3-moddasi buzilgani bo‘yicha shikoyatini adolatli deb topdi.

"G‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qilishni taqiqlash demokratik jamiyatning asosiy qadriyati hisoblanadi. Bu barcha uchun, jumladan terrorchilar yoki qotillarni davolashda ham o‘rinlidir", deb aytdi sud hakami o‘z qarorida.

Sud hakami Norvegiya hukumati Breyvikning shaxsiy va oilaviy hayotga huquqini buzmaganligini ta'kidlab o‘tdi.

Avvalroq Anders Breyvik Norvegiya uni yomon saqlash sharoitlarida yakka holda qamoqda ushlab, o‘ldirishga harakat qilayotgani yuzasidan sudga shikoyat qilgani ma'lum qilingandi. Terrorchi uning "uch xonali kamerasi juda yomon pardoz qilingan va derazalari yo‘q", deb ta'kidlagan.

Breyvik 2011 yil 22 iyulda Osloning hukumat idoralari joylashgan mavzesida bomba portlatgan, so‘ngra Utoyya orolidagi yoshlar oromgohida otishma sodir etgan. Uning qo‘lidan umumiy hisobda 77 kishi halok bo‘lgan. U bu qotillikni ko‘pmadaniyatlik va Yevropaning islomlashtirilishiga qarshi kurashi bilan tushuntirgan. Terrorchi bu jinoyati uchun jazo muddatining uzaytirilish imkoniyati bilan 21 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Top