21:40 / 20.04.2016
1701

Xotiniga suiqasd uyushtirgan er 15 yilga qamaldi

Bundan bir necha yillar avval Razzoq bilan Feruza oila qurishdi. Birin-ketin to‘rt nafar qizning ota-onasi bo‘lishdi. Yillar o‘tgani sari o‘g‘il ko‘rmaganligi Razzoqqa alam qila boshladi. Shu bois u kunda-kunora xotini bilan “o‘g‘il tug‘mading”, deb janjal qila boshladi. U ba'zan qizlarini ham haqorat qilar, yo bo‘lmasa ayoliga qo‘shib, ularni do‘pposlardi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Razzoq xotini va qizlarini tashlab Rossiyaga yo‘l oldi. Uch yil davomidan oilasidan xabar olmadi. Bu yoqda Feruza farzandlarining moddiy ta'minoti uchun undan aliment undirish maqsadida ariza berdi. Uch yil o‘tib, qaytib kelgan Razzoq bundan xabar topdi.

Bir kuni to‘ng‘ich qizini bozorda ko‘rib qolib:
— Onangga aytib qo‘y, aliment pulidan voz kechsin, bo‘lmasa o‘ldiraman, — dedi.

Shundan so‘ng, Feruza sud ijrochilariga uchrashib, turmush o‘rtog‘idan aliment pullarini undirishni tezlashtirishni so‘radi. Sud ijrochilari Razzoqni chaqirib, to‘lanadigan pulni hisoblab berishdi: aliment puli va moddiy yordam — jami 22 mln 199 ming so‘m ekani hisoblandi. Buni eshitgan Razzoq ijrochilar oldidan “Buncha pullarni bergunimcha uni o‘ldirib, qamalib ketganim yaxshi”, deb chiqib ketdi.

Sud ijrochilari keyingi gal chaqirishganda, Razzoq ishonchnoma bilan boshqarib yurgan, aslida yangasiga tegishli bo‘lgan avtomashinada sud ijro bo‘limiga bordi. Ijrochi uning qarzi ko‘pligini aytib boshqaruvidagi mashinani rasmiylashtirib, jarima maydonchasiga kiritib qo‘ydi. Mashinasini oldirib qo‘ygani Razzoqqa alam qildi.

Shu atrofdagi do‘konlarning biriga kirib, pichoq oldi. Orqa cho‘ntagiga solib, xotini bilan gaplashib olish uchun u savdo qiladigan bozor tomon yo‘l oldi.

Feruza tezda ukasi Doston va kuyovi Alisherga telefon qilib, vaziyatni tushuntirdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, ular yetib kelishdi. Shu payt Razzoq kelib qoldi. Qizi “Ayamni yoniga bormang”, deb uning yo‘lini to‘sdi. Jahl otiga mingan Razzoq Dostonga tashlandi. Dostonning oyog‘i rastaga chalishib, yiqilib tushdi. Bundan foydalangan Razzoq pichog‘ini olib, qaynukasining yelkasiga urdi. Ichkilik ta'sirida sherga aylangan Razzoqni Alisher va zumda yig‘ilgan odamlar ajratib olishdi. Uning qo‘lidagi pichoqni Feruza olib, otib yubordi. Jarohatidan qon ketayotgan Doston hushini yo‘qotdi. Uni tezda shifoxonaga olib ketishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Razzoq Qayumov 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Top