16:32 / 21.04.2016
1786

O‘rta Yer dengizida muhojirlar kemasi cho‘kishi tufayli 500 kishi halok bo‘lgan

O‘rta Yer dengizi hududida aprel oyi o‘rtalarida Liviyadan Italiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan muhojirlar mingan kema cho‘kib ketgan. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, unda 550ga yaqin kishi bo‘lgan va ularning 500 nafari halok bo‘lgan.

Qutqaruv xizmati vakillari ma'lumotlariga ko‘ra, bunga kema egalarining ochiq dengizda boshqa qayiqdan qo‘shimcha kishilarni olishga qaror qilishi sabab bo‘lgan. Kemaning yuki ortgach, u ag‘darilib cho‘kib ketgan.

Qutqaruvchilar 41 kishining hayotini saqlab qolishga erishishgan, ularning orasida 3 ayol va 3 yoshli go‘dak bor. Halokatdan 3 kun o‘tib, ular Gretsiyaga yetib olishgan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi 2016 yilda O‘rta Yer dengizi va Egey dengizi orqali 179,5 ming muhojir Yevropaga suzib o‘tgan. Yo‘lda ro‘y bergan halokatlar tufayli 761 kishi halok bo‘lgan.

2016 yilning aprelida Yevropa chegaralarini qo‘riqlash bilan band Frontex agentligi Liviyadan Italiyaga suzib o‘tishga harakat qiluvchilar miqdori 2 barobar ortganini ma'lum qildi. 2016 yilning martida Italiyaga 9600 nafar noqonuniy muhojir kirib kelgan.

Top