16:22 / 25.04.2016
1977

OAV: Qo‘shiqchi Prins vafotidan avval surunkasiga 154 soat davomida ishlagan

Amerikalik musiqachi Prins Rojyers Nelson o‘limidan avval surunkasiga 154 soat uxlamagan. Bu haqda Londonning The Daily Mirror gazetasiga tayanib TASS xabar berdi.

Qo‘shiqchining 150 soatdan ortiq uxlamagani to‘g‘risida tergovchilarga Prinsning pochchasi (opasi Tayke Nilsonning eri) Moris Fillips ma'lum qildi.

“Men o‘tgan hafta dam olish kunlarida u bilan birga edim. U surunkasiga 154 soat ishladi”, - deydi Moris.

Prins 21 aprel kuni 57 yoshida to‘satdan vafot etdi. Chaqiruvga ko‘ra yetib kelgan politsiya xodimlari uni Minneapolisdagi o‘z uyining liftida hushsiz holatda topishdi.

Musiqachiga sun'iy nafas berib o‘ziga keltirishga urinib ko‘rishdi, biroq uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmadi. 23 aprel kuni uning tanasi krematsiya (lotincha “cremare” – yoqish, kuydirish; murdani yoqib kul holatiga keltirish jarayoni) qilindi.

Prins 1982 yilda “1999” nomli albomidan sotuvga chiqqach, xalqaro miqyosdagi mashhurlikka erishdi. U mashhurligining cho‘qqisida bo‘lgan davrda AQShda Maykl Jyeksondan keyingi o‘rinda hisoblanardi. O‘z ijodiy umri davomida u 39ta albom yozib qoldirdi, 136ta musiqiy klip va oltita to‘plam yaratgan. Sotilgan albomlarning umumiy adadi 100 milliondan ortiq nusxadan iborat. U ko‘plab nufuzli sovrinlar laureati, “Gremmi” mukofotiga yetti bor, bittadan “Oltin globus” va “Oskar” sovrinlariga loyiq ko‘rilgan.

Top