12:26 / 26.04.2016
2842

GM Uzbekistan Rossiyaga mahsulot yetkazib berilishidagi uzilishlarga izoh berdi

GM Uzbekistan kompaniyasi ishlab chiqaruvchi Ravon R2 ixcham xetchbeki aprel oyi oxirlarida Rossiyadagi dilerlariga yetkazilishi kerak edi. Ammo obektiv sabablarga ko‘ra, mashinalar yetkazib berishda uzilishlar qayd etilgan, deb yozmoqda kolesa.ru portali.

«Avvallari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar Rossiyaga temir yo‘l vositasida yetkazilardi, – deb izoh berishgan kompaniya matbuot xizmatida. – Temir yo‘l tariflari keskin ko‘tarilgani avtomobillar narxiga ham ta'sir ko‘rsatishi aniq edi». Shu bois mahsulotlarni yetkazib berishda boshqa usuldan foydalanishga qaror qilingan, deb aniqlik kiritgan podrobno.uz sayti.

Ravon R2ning ilk partiyasi Rossiyaga yuk avtomobillarida yetkazib berilgani sababli, avval e'lon qilingan narxni o‘zgartirmaslikka erishilgan. Hozircha keyingi partiyalar narxi o‘zgarishiga oid ma'lumotlar mavjud emas.

R2 Rossiya bozorida 369 000 rubldan (5560 dollar) sotiladi. Uning eng yaxshi to‘plamini 469 000 rublga (7060 dollar) xarid qilish mumkin. Ravon R2ga 85 ot kuchiga ega 4 silindrli 1,25 litr hajmdagi benzinli dvigatel o‘rnatilgan. U Yaponiyaning "Aisin" firmasi ishlab chiqargan 4 diapazonli avtomatik uzatmalar qutisi yordamida harakatlanadi. Ayni vaqtda, mazkur model Rossiya avtomobil bozorida avtomatik uzatmalar qutisiga ega eng arzon mashina bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Ravon Uz-Daewoo brendi o‘rniga kelgandi. Uning modellar qatori R2dan tashqari, Gentra (439 000 rubldan (6600 dollar) boshlanadi) va so‘nggi sinovlardan o‘tayotgan Nexia’dan iborat. Nexia Rossiya bozorida 379 000 (5700 dollar) rubldan sotilishi ma'lum qilingan.

Top