14:31 / 27.04.2016
1580

Airbus korporatsiyasi AQShda barpo etilgan birinchi A321 laynerini buyurtmachiga yetkazib berdi

Yevropaning Airbus aviasozlik korporatsiyasi Amerikaning JetBlue Airways loukosteriga Amerikadagi zavodida yig‘ilgan A321 havo laynerini yetkazib berdi. Tantanali marosim Airbus kompaniyasi ishlab chiqarish korxonasi joylashgan Alabama shtati Mobil shahrida bo‘lib o‘tgan.

Bir yilga bormasdan qurilgan yangi A321 o‘tgan oyda Mobil aeroportidan sinov parvozlariga ko‘tarilgan edi. Unga rasman BluesMobile deb nom berilgan. Uning fyuzelyaji ayrim qismlari Germaniyaning Hamburg shahrida yasalib, so‘ngra AQShga yuborilgan.

Airbus’ning ishlab chiqarish direktori Jon Lixining aytishicha, bir necha yillar avval, Airbus AQShda samolyot ishlab chiqarishi hech kimning xayoliga ham kelmagan edi, endilikda bu haqiqatga aylandi.

JetBlue Airways rahbari Robin Xeys, o‘z navbatida, ajoyib samolyot uchun Airbus’ga minnatdorlik bildirgan.

Hozirgi vaqtda, Airbus’ning Mobildagi ishlab chiqarish quvvatida yana 9 dona A321 ustida ish olib borilmoqda. Ularning sakkiztasi American Airlines, biri Spirit Airlines buyurtmasiga asosan ishlab chiqarilmoqda.

Airbus korporatsiyasi AQShdagi ishlab chiqarish birlashmasini barpo etishga 600 mln. dollar mablag‘ sarfladi. U o‘tgan yilning iyul oyida faoliyatini boshladi. 2018 yilda Mobil zavodi loyiha quvvatiga erishib, oyiga 4ta samolyotni xaridorlarga yetkazib berishi rejalashtirilgan. Airbus’ning AQShdagi vakolatxonasi rahbari Ulrix Veberning aytishicha, istiqbolda majmua kengaytirilib, oyiga 8 dona samolyot ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi mumkin.

Airbus A321 tor salonli samolyotlar turiga kiradi. U qisqa va o‘rta masofalarga parvozlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan. Boeing 737 samolyoti ushbu modelning asosiy raqibi hisoblanadi.

Top