17:28 / 27.04.2016
18685

O‘zbekistonda pensiyaga chiqish uchun minimal staj uzaytirildi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 25 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonunchilik aktlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 30 mart kuni qabul qilingan va 31 mart kuni Senat tarafidan tasdiqlangan edi. Hujjat 26 aprel kunidan kuchga kirdi.

Hujjat asosida “Fuqarolarni davlat pensiyasi bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Belgilanishicha, O‘zbekistonda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi umumiy asoslarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi minimal talab qilingan ish staji 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasi bilan tartibga solinib, unga asosan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyalar ushbu qonun 37-moddasi birinchi qismining tegishli bandlarida nazarda tutilgan kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi.

Qonunga muvofiq, yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiya mavjud stajga mutanosib ravishda tayinlanadi. Ushbu o‘zgartirish 2016 yilning 1 iyulidan kuchga kiradi.

Bugungi kunda pensiyaga chiqish uchun yetarlicha minimal ish staji erkaklarda 25, ayollarda 20 yilni tashkil etadi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, erkaklar 60, ayollar 55 yoshida pensiyaga chiqishi mumkin.

Top