12:07 / 27.04.2016
2456

Toshkentda Markaziy Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi tashkil etildi

21–30 aprel kunlari Toshkent shahridagi «O‘zbekiston» sport saroyida og‘ir atletika bo‘yicha Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynaladigan Osiyo chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqa doirasida Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi rahbarlari hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkmaniston va Tojikiston vakillari ishtirokida Markaziy Osiyo og‘ir atletika federatsiyasini tashkil etish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

Yig‘ilishni Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Hasan Jolud va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining vitse-prezidenti, doktor Abdulloh Al Jarmal olib bordi.

Unda Markaziy Osiyo og‘ir atletika federatsiyasini tashkil etish masalasi bir ovozdan ma'qullandi.

Shundan so‘ng, yangi tashkil etilgan Markaziy Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining prezidenti etib, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Shaxrullo Mahmudov tayinlandi.

Markaziy Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi lavozimiga Omar Mustafin (Qozog‘iston), vitse-prezident lavozimlariga esa Omurjan Moldodosov (Qirg‘iziston), Bashim Agabayev (Turkmaniston), Sharif Davlatov (Tojikiston) tayinlandi.

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Markaziy Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining qarorgohi Toshkent shahrida (O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining hozirgi joylashgan yuridik manzilida) joylashadi.

Top