20:17 / 28.04.2016
10588

Moliya vazirligi g‘aznachilik hududiy bo‘linma boshliqlari rahbarlik fenomini haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi

Rahbar xodim o‘zining xulqi va nutqi bilan jamoaga ibrat bo‘lsa, ishdagi unum va jamoadagi kayfiyat ham o‘zgacha bo‘lishi tayin. Xo‘sh, rahbarlik fenomeni, fazilatlari haqida nimalar deyish mumkin? Xuddi shu savolga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachiligi hududiy bo‘linma boshliqlari javob berdi.

Nodir Arslonov (Buxoro viloyati Qorako‘l tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) Notiqlik madaniyatining ish faoliyatimdagi o‘rni shundaki, notiqlik kundalik sohaviy munosabatlar va faoliyatim davomida kasbiy yuksalishim uchun asosiy qurol bo‘lib xizmat qiladi. Chunki, qo‘l ostimdagi xodimlar va tizimda men bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan insonlar mening muomalam hamda fikrimni qanday almashinishimga qarab murojaat qilishadi.

Oybek Soliyev (Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) Har kuni ish faoliyatimda turli xil toifadagi, har xil fe'l-atvordagi insonlar bilan muloqot qilaman. Ular bilan muloqot jarayonida kayfiyati, ruhiy holatiga qarab suhbatlashaman.

Alimov Behzod (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) Nutq va notiqlik mahoratini men oliy qurol sifatida tasavvur qilaman. Obrazli qilib aytganda, qurolsiz jangga kirgan sarbozni albatta, mag‘lubiyat qarshilashi aniq. Jamiyatda ham, jamoada ham nutqiy nuqsonlarga ega kishi muvaffaqiyat qozona olmaydi.

Yunusali Inoqov (Toshkent viloyati Bo‘ka tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) Bo‘linmadagi xodimlar bilan munosabatda yetarli bilim va tushuncha qay darajada zarur bo‘lsa nutqiv muloqot ham shunday ahamiyatlidir. Chunki, ular o‘zlari uchun qanoanlantiruvchi ijobiy javobni sizdan kutadi.

Vohidjon G‘iyosov (Namangan viloyati Chust tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) Qabulga kelgan xodimlar bilan suhbat ham katta mas'uliyat talab etadi. Ish samarasi va unumdorlikka uning salbiy va ijobiy tarzdagi ta'siri bo‘lishi aniq. Aslida, barcha muammolarning yechimi muomala bilan ekanligi ayon.

O‘ktam Islomov (Navoiy viloyati Qiziltepa tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) Navoiy hazratlarining ko‘ngil xazinasi qulf bo‘lsa, uning kaliti tildir mazmunidagi o‘git bejiz aytilmagan. So‘z orqali birovning dilini xira qilish ham, kayfiyatini ko‘tarish ham mumkin. Yusuf Xos Hojib bu borada ibratomiz fikrni keltirib o‘tadilar. «Tilingni avayla tishing sinmasun, so‘zingni avayla boshing ketmasun». Bu fikrlarni bilishgagina emas, balki amalda qo‘llash ham muhimdir.

Ilhom G‘oyibov (Xorazm viloyati Yangiariq tumani bo‘yicha G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i) So‘zlash, tinglash va anglash orqali insonlar bilan munosabatda bo‘lishimiz aniq. Buning o‘zi yetuk madaniyatlilikni va yuksak ma'naviyatni talab etadi.

Top