16:01 / 28.04.2016
14768

Rahmatulloh qori Sayfuddinov Toshkentdagi "Mirza Yusuf" masjidiga imom-xatib etib tayinlandi

2016 yil 28 aprel, payshanba kuni Toshkent shahri Yunusobod tumani “Bodomzor” dahasidagi “Mirza Yusuf” jome masjidiga Rahmatulloh qori Sayfuddinov imom-xatib etib tayinlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi bir guruh mas'ullar “Mirza Yusuf” masjidida peshin namoziga yig‘ilgan namozxonlarga yangi imom-xatib Rahmatulloh qori Sayfuddinovni tanishtirdilar va masjid qavmini muborakbod etdilar.

Rahmatulloh qori Sayfuddinov ko‘p yillardan buyon diniy sohada faoliyat olib bormoqda. U Toshkent shahridagi “Yunusobod Oq-tepa”, “Xo‘ja Alambardor”, “Minor” kabi jome masjidlarda imom-xatib vazifasida samarali mehnat qilgan. Shuningdek, u Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida o‘qituvchi vazifasida ham ishlab kelmoqda. 2011 yilda o‘tkazilgan “Yil imomi” ko‘rik tanlovi Respublika bosqichining mutlaq g‘olibidir.

Bundan tashqari Rahmatulloh qori Sayfuddinov yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash va ularni turli tahdidlardan himoya qilish borasida tinmay izlanishlar olib bormoqda. Jumladan, dolzarb mavzudagi bir nechta diniy-ma'rifiy kitoblari nashr etilgan va audio-video disklari chiqarilgan.

Rahmatulloh qori Sayfuddinovning kelgusidagi ishlariga Alloh taolodan muvaffaqiyatlar tilaymiz, deb yozadi O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb portali.

Top