11:08 / 29.04.2016
2188

Tailandda jazirama tufayli 20dan ortiq kishi vafot etdi

Tailandda qayd etilgan 40 darajali issiq harorat 20dan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu xaqda infeksion xastaliklarni nazorat qiluvchi departamentda ma'lum qilingan.

Tibbiyot vakillari ma'lumotiga ko‘ra, 1 martdan 17 aprelga qadar qirollik hududida 29 yoshdan 72 yoshgacha bo‘lgan 21 kishining issiqlik tufayli halok bo‘lgani qayd etilgan.

Tailandda aprel oyi odatda issiq kechadi. Bu yil esa qirollik aholisi har yilgidan ko‘proq aziyat chekmoqda: termometrlar ustuni bir necha haftadan buyon Tselsiy shkalasi bo‘yicha 40 daraja issiqni ko‘rsatmoqda.

"Aytish mumkinki, bu yil issiq haroratning davomiyligi bo‘yicha 65 yillik rekord yangilanmoqda. Hali issiq mavsum tugagani yo‘q", deydi jurnalistlarga Tailand meteorologiya departamenti vakili Surapong Sarap.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eng yuqori harorat aprel oyida 44,3 daraja ko‘rinishida qayd etilgan.

Mamlakat tarixidagi eng issiq harorat esa 1960 yilda kuzatilgan, o‘shanda termometr ustuni 44,5 darajaga yetgandi.

Sinoptiklar may oyining birinchi yarmida havo ilishini prognoz qilishgan.

Iqlimshunoslar buni «El-Nino» hodisasi bilan bog‘lashmoqda. Bu havo oqimi Janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlariga kattagina qurg‘oqchilik keltirmoqda. Tibbiyot xodimlari sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan vaqtlarda tashqariga chiqmaslikni tavsiya etishmoqda. Energetiklar esa energiyaga tanqislik yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirishgan. Mahalliy nashrlarda yozilishicha, 26 aprel kuni qirollikda bir vaqtning o‘zida elektr energiyasiga talab hajmi 29 ming MVt ga yetgan.

Issiqdan eng ko‘p aziyatni Bangkok aholisi ko‘rmoqda. Megapolisning shishali va betonli uylarida vaziyat qiyinlashgan. Shaharda issiqdan jonivorlarning yashashi ham qiyinlashgan. Hayvonot bog‘idagi jonivorlarga muzlatilgan mahsulotlar berilmoqda.

Top