20:07 / 30.04.2016
9417

Ronaldu "Real" shifokorlaridan ko‘ra "Barselona" shifokorlariga ko‘proq ishonch bildirmoqda

Madridning "Real" klubi yetakchisi Krishtianu Ronaldu Chempionlar Ligasi yarimfinalining "Manchester Siti"ga qarshi javob uchrashuvigacha safga qaytish istagida tizzaosti payi jarohatini davolashda qat'iy choralarga borib, futbol olamini "karaxt holga soldi".  

Sport.es nashrining ma'lum qilishicha, Ronaldu jarohatini tezroq tuzatish maqsadida "Real" shifokorlari xizmatidan voz kechib, alohida shifokorlar shtabini yolladi.

Bundan tashqari, Krishtianu o‘zi yollagan shifokorlardan biriga raqib jamoa "Barselona" shifokorlar shtabidan maslahat so‘rashga ijozat berdi. Portugaliyalik kataloniyalik shifokorlarning professionalligiga ishongani uchun bunday yo‘l tutishining to‘g‘riligiga hech shubha qilmayapti.    

Ronaldu 20 aprelda Ispaniya chempionatida "Vilyarreal"ga qarshi uchrashuvda jarohat olgandi va shu sababli "Manchester Siti"ga qarshi Chempionlar Ligasi yarimfinalining birinchi uchrashuvini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. 

Joriy mavsumda Ronaldu hozirga kelib "Real" safida 44 ta o‘yinda 47 ta gol urdi. "Real" Chempionlar Ligasining chorakfinalida "Volfsburg"ga qarshi javob uchrashuvida aynan Ronalduning xet-triki evaziga yarimfinal bosqichiga chiqa oldi.

Eslatib o‘tamiz, Chempionlar Ligasi yarimfinalining "Real"-"Manchester Siti" javob uchrashuvi 4 mayda Madridda bo‘lib o‘tadi.

Top