12:24 / 01.05.2016
13268

«Barselona» triosi joriy mavsumda urgan gollari soni 123taga yetdi va o‘tgan mavsumdagi rekord yangilandi

«Barselona» hujumchilari Luis Suares Ispaniya chempionatining 36-turida «Betis»ga qarshi kechgan uchrashuvdagi ikkinchi golga mualliflik qildi.

Endilikda, kataloniyaliklarning hujum uchligi vakillari – Luis Suares, Lionel Messi va Neymarning joriy mavsumda urgan jami gollari soni 123taga yetdi va o‘tgan yilgi rekord yangilandi.

O‘tgan mavsumda trioning gollari soni 122ta bo‘lgan, shundan 58ta gol Messi nomiga yozilgan bo‘lsa, Neymar va Suares 39 va 25tadan golga mualliflik qilgandi.

Hozirda vaziyat o‘zgargan: eng ko‘p gol Suaresning nomiga yozilgan, u ichki chempionat va boshqa turnirlarda jami – 54 gol urgan bo‘lsa, Messi – ikkinchi o‘rinda (40), Neymar – uchinchi (29).

Shu bilan birgalikda, urugvaylik futbolchining La liganing ushbu mavsumidagi gollari soni 35taga yetdi. U «Ayaks» tarkibida Niderlandiya chempionatining 2009/10 yilgi mavsumida shuncha gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Bu Suares uchun milliy chempionatlardagi eng yaxshi natija hisoblanadi. 

Shuningdek, hujumchi Yevropaning kuchli 6ta chempionatlari orasida mazkur mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lib turibdi. Uning eng yaqin ta'qibchisi Zlatan Ibrahimovich 34ta gol urgan.

Top