20:09 / 02.05.2016
10202

Og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati yakunlandi

“O‘zbekiston” sport majmuasida joriy yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati yakunlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

 Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Og‘ir atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqada Osiyo qit'asining o‘ttizdan ziyod davlatidan uch yuzga yaqin sportchi sovrinli o‘rinlar bilan birga Olimpiada yo‘llanmalari uchun ham bellashdi.

O‘zbekistonlik sportchi, og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni Ruslan Nurudinov vazni 105 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan polvonlar o‘rtasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U shtangani dast ko‘tarishda 191 kilogramm natija qayd etdi.

Yana bir o‘zbekistonlik sportchi, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Ivan Yefremov vazni 105 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bellashuvida shtangani dast ko‘tarishda 183 kilogramm natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Uning siltab ko‘tarishda qayd etgan natijasi (211 kilogramm) bronza medalga loyiq topilgan bo‘lsa, ikkikurash yakuniga ko‘ra, 394 kilogramm natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu vazn toifasida qatnashgan Sardor Do‘stmurodov shtangani siltab ko‘tarishda kumush, ikkikurash yakuniga ko‘ra bronza medal bilan taqdirlandi.

Vazni 62 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida ishtirok etgan Adham Ergashev shtangani dast ko‘tarishda 125 kilogramm natija bilan bronza medal sohibi bo‘ldi.

Musobaqaning xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarida munosib ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari 101 ochko bilan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

Top