12:34 / 03.05.2016
6994

Temirchilarning tarixiy muvaffaqiyati: Kimlar "Lester"ni Angliya chempionligiga olib keldi

"Lester" jamoasi Angliya chempionatining 36-turida muddatidan oldin chempionlikka erishdi. Bu 132 yil oldin tashkil topgan jamoaning yuqori ligadagi ilk chempionligi bo‘ldi. 36-turda "Tottenhem" "Chelsi" 2:2 hisobida durang o‘ynagach, Lester shahri jamoasini quvib yetishi mumkin bo‘lgan jamoa qolmadi.

"Lester" jamoasining muvaffaqiyati butun dunyodagi futbol muxlislarining hayrati va hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bu jamoa 2 yil oldin chempionshipda, Angliyadagi ligalarning daraja bo‘yicha ikkinchisida o‘ynardi, 2014/15 yilgi mavsumda esa jamoa premer-ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib bordi.

"Lester" jamoasining birinchi diviziondagi eng yaxshi natijasi 1928/29 yilgi mavsumda qayd etilgan (1892 yildan 1992 yilgacha yuqori liga birinchi divizion deb atalgan).

Quyida "Lester"ning tarixiy muvaffaqiyatida asosiy ishlarni bajargan va muntazam ravisha asosiy tarkibda o‘ynagan futbolchilari keltiriladi.

Kasper Shmeyxel, darvozabon
"MYu"ning uzoq yillik darvozaboni Peter Shmeyxelning o‘g‘li. U "Lester" safida 2011 yildan buyon o‘ynaydi. Joriy mavsumda u 15 o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqladi. Ayni vaqtda u 28 yoshda va unga "Barselona" jamoasidan qiziqish mavjud.

Denni Simpson, himoyachi
"Lester" safiga 2014 yilda qo‘shilgan. U joriy mavsumda APLning 28 uchrashuvida ishtirok etdi. Simpson bitta o‘yinda qizil kartochka olib maydonni tark etgan bo‘lsada, jamoa himoyaviy uslubda o‘ynay boshlagach, asosiy ishlarni bajardi. O‘ng qanot ampluasiga ixtisoslashgan. Angliyalik bu futbolchi 29 yoshda.

Ues Morgan, himoyachi
"Lester" jamoasi sardori 2012 yildan buyon jamoa bilan birga. Uning markaziy himoyadagi ishonchli o‘yini tufayli "Lester" mavsumda kam gol o‘tkazdi. U shuningdek jarima zarbalari vaqtida raqib jarima maydonchasida boshi bilan muhim gollar urib, muhim ochkolarni keltirdi. Yamayka fuqarosi bo‘lgan Morgan jamoadagi eng yoshi katta ikki futbolchidan biri - 31 yosh.

Robert Hut, himoyachi
Germaniyalik tajribali himoyachi 2015 yilda "Lester"ga keldi. O‘z vaqtida "Bavariya", "Chelsi" va "Stok Siti" jamoalarida o‘ynagan markaziy himoyachi joriy mavsumda "Tottenhem" va "Manchester Siti" jamoalariga qarshi o‘yinlarda 3ta gol urdi. Yoshi 30da.

Kristian Fuks, himoyachi
Germaniyalik yana bir tajribali himoyachi. U ham joriy mavsum avvalida "Lester" safida paydo bo‘ldi. Chap qanotda harakatlanuvchi Fuks joriy mavsumda 30 uchrashuv o‘tkazdi. Bu o‘yinlarda u to‘rt marta golli pas uzatib, 4ta sariq kartochka oldi. Uning yoshi 29da.

N'Golo Kante, tayanch yarimhimoyachisi
Mavsum kashfiyotlaridan biriga aylangan bu 24 yoshli futbolchi "Lester"ga mavsum arafasida Fransiyaning "Kan" jamoasidan kelib qo‘shildi. U ko‘p gol urmasada (1ta gol va 3ta sariq kartochka), maydondagi eng muhim ishlarni bajardi. Yorqin o‘yinlaridan keyin Fransiya termasiga chaqirilgan bu futbolchiga Angliya va Ispaniyaning grand jamoalaridan takliflar bor.

Denni Drinkuoter, yarimhimoyachi
Drinkuoter familiyasi bilan muxlislarning yodida mustahkamroq qolgan bu ingliz futbolchisi "Lester"da 2012 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. U joriy mavsumda eng ko‘p o‘ynaganlardan biri. 34 uchrashuvda u bitta gol urib, 7ta golli uzatma muallifi bo‘lish bilan birga 4 marta hakam tomonidan ogohlantirilgan. U 25 yoshda.

Riyoz Mahrez, yarimhimoyachi
"Lester"da 2014 yilning yanvaridan beri o‘ynamoqda. Mavsumning eng yaxshi futbolchisiga aylangan jazoirlik javohir 17 gol hamda 11 golli uzatmagan mualliflik qildi.

Mark Olbrayton, yarimhimoyachi
Tarkibdagi yana bir ingliz "Lester"da 2014 yildan buyon to‘p surmoqda. U mavsumdagi hozirgacha o‘tkazilgan barcha 36 uchrashuvda maydonga tushgan va 2 gol urib, 6ta golli uzatmagan mualliflik qilgan. U ham Drinkuoter kabi 25 yoshda.

Shinji Okazaki, hujumchi
"Lester"ga Germaniyaning "Maynts" jamoasidan joriy mavsum avvalida kelib qo‘shilgan yaponiyalik bu tajribali (29 yoshda) hujumchi 34 uchrashuvda 5ta gol urdi.

Jyeymi Vardi, hujumchi
Jurnalistlar tomonidan mavsumning eng yaxshi futbolchisi sifatida e'tirof etilgan bu 28 yoshli hujumchi 2012 yildan buyon "Lester" a'zosi hisoblanadi. Jamoa to‘purari mavsum davomida 22 gol urib, 6ta golli uzatma muallifi bo‘ldi.

Klaudio Raneri, bosh murabbiy
Gretsiya terma jamoasi bosh murabbiyligidan bo‘shatilgach, 1,5 yil ishsiz yurgan italiyalik mutaxassis 2015 yilning yozida "Lester"ga olib kelindi. Ushbu chempionlik unvoni Raneri uchun faoliyatidagi birinchi chempionlik unvoni bo‘ldi. Bungacha 64 yoshli italiyalik mutaxassis Ispaniya ("Valensiya", "Atletiko"), Italiya ("Parma", "Yuventus", "Roma", "Inter", Fiorentina", "Napoli", "Kalyari"), Fransiya ("Monako"), Angliya ("Chelsi") chempionatlarida faoliyat yuritgan, biroq hali biror marta shu davlatlar milliy chempionatlarida g‘olib bo‘lmagandi.

Bu futbolchilardan tashqari, Leonardo Uloa, Endi King, Natan Dayyer, Jyeffri Shlupp, Gekxan Inler, Demerey Grey, Marchin Vasilevski, Mettyu Jyeyms, Yoan Benaluan, Ben Chiluell, Deniel Amarti, Jonatan Meddison, Andrey Kramarich, Jo Dodu, Richi de Lat hamda Mark Shvartser kabi futbolchilarga "Lester" safida APL chempioni bo‘lganlik uchun oltin medallar topshiriladi.

Manba: TASS

Top