U bugun oramizda yo‘q bo‘lsa-da,  “Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas”, “Ona”, “Yolg‘izim”, “G‘amzalaring”, “Ketmadi yor”, “Seni bu”, “Unutmoq osonmas”, “Yonimga kel yorim”, “Dilda so‘zim qoldi”, “Kelinchak”, “Sizdan uzr” kabi dilkash qo‘shiqlari bilan hamon muxlislar xotirasida yashab kelayotgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Shuhrat” medali sohibi Oxunjon Madaliyev hamon qalblarimizda barhayot yashab kelmoqda. 

“Dadam san'atkor bo‘lishimni istamagan!”

Qilichbek Madaliyev: (o‘g‘li) — Ilgari hozirgidek ofislar yo‘q edi. Dadam va musiqachilar uyimizda to‘planib ijod qilishar, men ularni  biroz tomosha qilib, yana o‘yinga chalg‘ib ketardim. Demoqchi bo‘lganim, menda san'atga bo‘lgan qiziqish o‘sha paytda uyg‘ongan bo‘lsa-da, biror marta qo‘limga mikrofonni ushlab, qo‘shiq aytishga harakat qilmagan ekanman.

“— Katta bo‘lganimda  prokuror bo‘laman”, — desam dadam xursand bo‘lib ketardilar. Keyin bilsam, dadam mening san'atkor bo‘lishimni istamagan ekanlar. Sababi, o‘zlari san'atkor bo‘lganlari bois, uyda juda kam bo‘lar, biz dadamni haftalab ko‘rmasdik. Ba'zida xizmatdan yarim tunda kelar, bizni uxlab yotgan joyimizdan: o‘g‘lim yuring, bu kecha mening yonimda uxlang deb uyg‘otib olib chiqib ketardilar. Menga bir hafta davomida nima bilan band bo‘lganliklarini erinmasdan so‘zlab berardilar. “Endi o‘g‘lim, siz gapirib bering”, — deya keyin mendan bir hafta ichida nimalar bilan band bo‘lganimni hafsala bilan tinglardilar. Juda kamgap va kamtar inson edilar. Ota bo‘lib biror marta bizni chertmaganlar. Yoki uyda hech birimizga baland ovozda gapirmaganlar. Dadamning olamdan o‘tganliklarini bilib, o‘zimga kelolmaganman.

Bugun esa konsertlarda, to‘y xizmatlarida dadam xalq orasidan meni kuzatib turishini, ijodimni, muxlislarning olqishini ko‘rib xursand bo‘lishini istayman. Ammo bu menga armon bo‘lib qoldi...

“Eshikni qoqishsa, Oxun keldimi, deyman...”

Abdug‘affor Davronov (sinfdoshi): — Do‘stim Oxunjon Madaliyev hayotda juda kamtar va samimiy inson edi. Bolaligida ham mehribon, saxiy va odamoxun bo‘lgan.  Maktabda turli tadbirlarda qo‘shiq kuylar, rasm chizishga bo‘lgan qobiliyati bilan ham hammani qoyil qoldirardi.

Hind kinofilmlari, plastinkalarga yozilgan teatr spektakllaridagi dialoglarin boshidan oxirigacha yodlab, Oxun bilan birga rol o‘ynar, ko‘pchilikning diqqatini tortishga harakat qilardik. Men uchun Oxunjon hali tirik. Kimdir eshik qoqsa  yoki uyim yonidan biror mashina signal chalib o‘tsa, xuddi Oxunjon ilgarigidek meni so‘rab kelgandek tuyulaveradi.