14:23 / 05.05.2016
5038

Garajda 30 yil turgan Aston Martin kimoshdi savdosiga qo‘yildi

Silverstone kimoshdi savdo uyi 1968 yilda ishlab chiqilgan Aston Martin DBS kupesini savdoga qo‘ygani haqida e'lon qildi. Mashina 1986 yildan beri garajda saqlangan. Uning taxminiy boshlang‘ich narxi 50-60 ming funt sterlingga (72,4-101 ming AQSh dollari) baholanmoqda. 

Mashinaning ilk egasi uni 1968 yil noyabrida Surrey grafligida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Uning to‘plamiga qo‘shimcha ravishda Motorola radiosi, 3 bosqichli Borg&Warner avtomatik uzatmalar qutisi, rul boshqaruvi kuchaytirgichi, tumanga qarshi chiroqlar va konditsionerga ham buyurtma berilgan. 

1970 yil aprelida Paskua ismli Jyersi fuqarosi kupeni xarid qilgan va shundan beri u orolni tark etmagan. Aston Martinning yangi xo‘jayini 18 yil mobaynida mashinadan foydalangan, bu muddat mobaynida atigi 49 ming 189 km. masofa yurgan,  xolos. 

Avtomobilning interer va ekstereri qayta ishlanmagan, zavoddan chiqqan holida saqlangan. Kuzovi va saloni tegishli ravishda Milk Bronze hamda Red Connolly ranglarini aks ettiradi. Biroq ularga jiddiy qayta ishlov berish lozim. DBS kapoti ostida birqatorli 4 silindrli 287 ot kuchini beradigan  6 litr hajmli motor mavjud. Uning texnik holatiga oydinlik kiritilmagan. 

Aston Martin DBS kupesi – 1969 yilda Jyeyms Bond haqidagi "Janobi oliyalarining xizmatida" filmidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgan edi. Undan 1967-1972 yillarda atigi 787 dona ishlab chiqarilgan. 2007 yili Britaniyaning mashhur brendi ayni nomdagi yangi modelni namoyish etgan edi. Bu safar Aston Martin DBS 510 ot kuchi bilan ta'minlaydigan V12 motori bilan jihozlangan superkarga aylantirildi. U 2012 yilgacha ishlab chiqarilgan.

 

Top