16:00 / 05.05.2016
6971

Turk lirasi kursi mamlakat bosh vaziri iste'fosi to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng keskin tushib ketdi

Turk lirasining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursi so‘nggi sakkiz yil mobaynida eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi. Bunga Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lining iste'foga chiqishi haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lgan deb xabar qilmoqda Bloomberg agentligi.

Xususan, mamlakatning 10 yillik muddatga chiqargan davlat obligatsiyalari daromadliligi 32 bazis punktga sakragan va 2015 yil avgustidan beri ilk marotaba katta o‘sishni namoyon etgan. Turkiyaning Borsa Istanbul 100 fond bozori ko‘rsatkichi esa beshinchi kundirki pasayishda davom etib, 1,5 foizga tushib ketgan. 

Shu bilan birga 4 may kuni turk milliy valyutasi lira 3,9 foizga qadrini yo‘qotgan. Bloomberg ekspertlari Turkiya iqtisodiyotidagi bu kabi salbiy ko‘rinishlarni mamlakat prezidenti Erdo‘g‘an va bosh vaziri Dovudo‘g‘li o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan bog‘lamoqda. 

Bundan avval, NTV telekanali o‘z manbalariga asoslangan holda, Ahmet Dovudo‘g‘lining 5 may kuni o‘z iste'fosini e'lon qilishi xaqida xabar qilgan edi.

Top