06:34 / 07.05.2016
12305

O‘zMUda Tinchlik darslari o‘tkazilmoqda

Yurtimizda insonlar mudom qadrli, o‘tganlar xotirasi esa abadiydir.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Tinchlik darslari o‘tkazilmoqda.

Bu darslarda ikkinchi jahon urushida qatnashgan va front ortida mehnat qilgan nuroniylar, faxriylar ham ishtirok etmoqdalar.

O‘zMU Axborot xizmatidan xabar berilishicha, 6 may kuni universitetning Fizika va Biologiya-tuproqshunoslik fakultetlarida o‘tkazilgan darslarda “Qadriyat, e'tibor va e'zoz”, “Vatan erkinligi uchun o‘z jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha barhayot”, “Xotira muqaddas, inson qadri aziz”, “Tinchlik qadri” kabi mavzular talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanayotgani yurtimizda inson xotirasi qanchalik muqaddas, qadr-qimmati aziz ekanligini ko‘rsatadi,– dedi universitet prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Bu sana urushlarda qurbon bo‘lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta'zim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatiladigan ezgu marosimdir. Bunday kunlarda bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir yo‘qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o‘tadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teranroq anglaymiz. Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, inson, xalq, millat tarixiy xotira bilan tirik va barhayotdir. Hech shubhasiz, bu urushda xalqimiz ko‘rsatgan matonat, mardlik va qahramonlik namunalarini avlodlarimiz aslo unutmaydi, jang maydonlarida bizning o‘g‘lonlarimiz nimaga qodir ekanini doimo g‘urur va iftixor bilan eslaydi. Biz avvalo urushda qatnashgan, mardlik va jasorat ko‘rsatgan faxriylarini, shular qatorida front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni tabriklash bilan bir qatorda, urushdan qaytmagan vatandoshlar xotirasi oldida bosh egish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Tinchlik darslarida ishtirok etgan veteranlar Ravshan Oxunov va Shuhrat Shonazarov Afg‘onistonda baynalmilal janglarida ko‘rgan-kechirganlarini so‘zlab berdilar.

Darhaqiqat, xotira – o‘tganlarni eslatib turadi, o‘zlikni anglatadi. Qadr – insonni ulug‘laydi, jamiyatni bezaydi. Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam. Yurtimiz mustaqilligi yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e'zozlash ma'naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, istiqlol davrida tug‘ilib voyaga yetgan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan, buyuk maqsadlar sari intilayotgan farzandlarimiz ota-bobolaridan meros bo‘lib qolgan o‘z yurtini, tug‘ilgan tuprog‘ini muqaddas deb bilishi, uning ertangi yorug‘ kuni uchun butun borlig‘ini bag‘ishlashga, kerak bo‘lsa, jonini fido qilishga tayyor bo‘lishi – bularning barchasi bugun hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan yoshlarimiz hayotining uzviy bir qismiga aylangani hammamizga ishonch va kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

 

Mavzuga oid
Top