09:29 / 09.05.2016
5147

Gruziya prezidenti mamlakatning YeIga kirishiga to‘la ishonishini bildirdi

Gruziya prezidenti Georgiy Margvelashvilining ma'lum qilishicha, Gruziya "Yevropa oilasi"ga qo‘shilish uchun qadamma-qadam yaqinlashmoqda. Bu haqda mamlakat prezidentining rasmiy saytida xabar qilingan.

Prezident bu haqda Tbilisi shahridagi opera va balet teatrida o‘tkazilgan Yevropa Kuniga bag‘ishlangan konsert vaqtida aytib o‘tgan.

"Gruziya 25 yil muqaddam mustaqillikka erishgandi. Biz yanada mustaqil bo‘lish uchun qadam tashlab kelmoqdamiz. Bizning qadriyatlarimiz Yevropa hamjamiyati qadriyatlari bilan umumiydir", degan u.

Uning qayd etishicha, Gruziyaning siyosiy rahbariyati va jamiyat faollari "Yevropa oilasi"ga qo‘shilish uchun muhim qarorlarni qabul qilishmoqda. Shuningdek, mamlakatda bu borada siyosiy jarayon rivojlanmoqda. U joriy yilda shu borada o‘tkaziladigan saylovda bu o‘z aksini topishi haqida gapirgan.

"Gruziya Yevropa ittifoqi a'zosiga aylanadi. Men bunga aminman!", degan Gruziya prezidenti.

Yevrokomissiya 2015 yilning dekabrida taqdim etgan hisobotida Gruziya YeI bilan viza tizimini liberallashtirish bo‘yicha barcha talablarni bajargani haqida ma'lum qilgandi. 2016 yilning 9 martidan Gruziya fuqarolari uchun viza tizimini bekor qilish qonuni kuchga kirdi. Gruziyaliklar shu yilning yozidan Yevropa Ittifoqi hududida vizasiz harakatlanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top