21:36 / 10.05.2016
24594

MXX xodimi niqobidagi jinoyatchining firibgarligiga chek qo‘yildi 

Nurullo No‘'monov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qilmishlari uchun to‘rt marta sudning qora kursisiga o‘tirgan bo‘lishiga qaramay, o‘zgalarning ishonchini suiiste'mol qilib, aldov yo‘li bilan mo‘may daromad topishni hayotining mazmuniga aylantirib oldi. U 2014 yilning fevralida eski “hunarini boshladi”, deb yozadi “Huquq” gazetasi. 

U o‘zini O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimi sifatida tanishtirish yo‘li bilan firibgarlik jinoyatlarini sodir etadi. Buning uchun egnida MXX xodimlarining xizmat kiyimiga o‘xshash ust-boshda yoki fuqaro kiyimida qo‘lida ratsiya aloqa vositasi va qulog‘iga naushnik o‘rnatgan holda, pnevmatik pistoletni olib yurish uchun mo‘ljallangan moslamani taqib, o‘zgalarning nazarida davlat organi xodimi ekanligiga shubha qoldirmaslikka erishadi.

Avvaliga uning bu “to‘ri”ga fuqaro Salim Do‘rmonov ilindi. Uning ishonchiga kirgan N.No‘'monov avtosalondan “Captiva” rusumli avtomashina olib berishni va'da qilib, 13 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritadi. Tabiiyki, uning MXX xodimi ekanligi ham salonda tanishlari borligi ham uydirmadan boshqa narsa emasdi. 

Sherbek Soipov ham xuddi S.Do‘rmonov kabi uning “qarmog‘i”ga ilindi. U ham Nurulloni organ xodimi deb o‘ylab, qattiq yanglishgan edi. O‘zini Timur deya tanishtirgan N.No‘'monov Sh.Soipovni Toshkent shahriga doimiy ro‘yxatga o‘tkazib beraman, deya aldab, 1000 AQSh dollari va 135 ming so‘m pulini qo‘lga kiritadi. Odatdagidek va'da bajarilmaydi, pullar esa uning ehtiyojlari uchun ishlatib yuboriladi. 

Firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pullarni osongina hazm qilib yuborgan Nurullo No‘'monovning qilmishlari jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi tomonidan o‘rganib chiqilib, unga  uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top