11:13 / 10.05.2016
8595

OAV: Pentagonning fikricha Rossiya va Xitoy AQShga fazoda hujum qilish salohiyatini kuchaytirmoqda

The Washington Post nashrining AQSh mudofaa vazirligi vakillaridan iqtibos keltirishicha, Rossiya va Xitoy ishlab chiqarayotgan texnologiyalar AQShga fazoda hujum qilish imkonini beradi. 

"Pentagon vakillarining bayonot berishlaricha, AQShning Iroq va Afg‘onistondan qo‘li bo‘shamayotgan bir vaqtda, Rossiya va Xitoy Qo‘shma Shtatlarga fazoda hujum qilish imkoniyatini kuchaytirmoqda. Hozirda Rossiya, Xitoy va boshqa davlatlar AQShning kosmosda barpo etgan milliy xavfsizlik infratuzilmasini barbod etish imkonini beradigan texnologiyalar ishlab chiqayotgani mudofaa vazirligi vakillarining xavotiriga sabab bo‘lyapti", deb yozadi gazeta.

Gazeta shuningdek, AQSh davlat kotibining qurol-yarog‘lar nazorati, kelishuvlarga rioya etish va tekshiruv masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Frenk Rouzning so‘zlarini keltiradi. 

"Men Xitoy va Rossiyaning kosmik mudofaaga qarshi mudofaa tizimlari kuchayishidan tashvishdaman. Ammo, AQSh o‘zaro ziddiyatlar fazoviy mintaqalarga ham ko‘chishiga qarshilik qilishga urinmoqda. Bizning diplomatik strategiyamiz ham ushbu maqsadni ko‘zlaydi. Kosmos mojarolari hech kimning manfaatlariga javob bermaydi".

The Washington Post nashrining yozishicha, Pentagon Xitoyning yaqinda o‘tkazgan raketa sinovlaridan xavotirda. O‘shanda rasmiy Pekin fazodagi ishdan chiqqan sun'iy yo‘ldoshlarni raketalar yordamida yo‘q qilgan edi. Shunday raketalardan biri esa, "yuqori aniqlikdagi aviabombalar va raqibni kuzatishga oid AQSh milliy xavfsizligining muhim sun'iy yo‘ldoshlari yaqinida portlagandi".

XXR sinovlari "Pentagon va Amerika razvedkasi uchun o‘ziga xos signal bo‘ldi. Endilikda, mudofaa mahkamasi AQSh harbiy kuchlari kosmik qo‘mondonligi rahbari general Jon Xaytenning ta'biri bilan aytganda "fazodagi eng qadrli ko‘chmas mulk" uchun milliardlab dollar sarflashga qaror qilmoqda.

Nashrning yozishicha, hozirda "Pentagon Space Fence (fazoviy to‘siq) nomli maxsus tizimni ishlab chiqmoqda. U kosmik chiqindilar darajasini nazorat qilish imkonini oshiradi".

Joriy yilda AQSh mudofaa vazirligi kosmik dasturlari uchun 22 mlrd dollar sarflaydi. Bundan tashqari fazoviy tadqiqotlar uchun 5 mlrd dollar ajratgan.

Top