17:37 / 11.05.2016
51568

65 yoshli cholga turmushga chiqqan 12 yashar “kelin” barchani hayratga soldi

Nyu-Yorkdagi Tayms maydonida 65 yoshli kuyov va 12 yashar kelinning to‘y fotosessiyasi uyushtirildi. Kelin va kuyovning yoshi o‘rtasidagi farqni hazm qilolmagan yo‘lovchi va sayyohlar bevosita fotosessiya jarayonini buzishga jazm etishdi.

Ayni ta'lim olish yoshida bo‘lgan 12 yasharli “kelin”ning tushkun qiyofada kuyov bilan fotosseyasiga tushishiga yo‘lovchi va sayyohlar jim qarab turolmadi. Voyaga yetmagan qizchaning nigohida qo‘rquv va g‘amginlikni payqagan yo‘lovchilar bevosita fotosessiya jarayonini buzib, kelinni kuyovdan ajratib olishga urindi. Kimdir kuyovni “agar qizchaga uylansa, politsiya chaqirish” bilan qo‘rqitgan bo‘lsa, ayrimlar qizchadan 65 yoshli cholga o‘z roziligi bilan turmushga chiqyapdimi yo‘qmi, so‘rashardi. 

Videorolikda sayyohlarning ketma-ket savolga tutishidan qo‘rqib ketgan qizcha boshini egib oldi. Atrofdagilardan biri 65 yoshli cholni so‘roqqa tutib, uni chalg‘itgan bo‘lsa, birov kelinning qo‘lidan tutib, uni voqea joyidan olib keta boshladi. 

Bir so‘z bilan aytganda “nomunosib juftlik” ko‘pchilikning hayrati va g‘azabiga sabab bo‘ldi.

Eng qizig‘i, bu to‘y haqiqiy emasdi. Ya'ni ushbu videorolik avvaldan uyushtirilgan  bo‘lib, bu orqali bloger Kobi Persin dunyoning ba'zi mamlakatlarida ayni ta'lim olish yoshida bo‘lgan, voyaga yetmagan qizlarning erta turmushga berish holatiga atrofdagilar qanday munosabat bildirishi mumkinligini aniqlamoqchi bo‘ldi.  

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilda Norvegiyada xuddi shunga o‘xshash mavzu ko‘tarilib, 12 yasharli Tea ismli qizcha o‘z blogida 37 yoshli erkakka turmushga chiqayotgani, maktabga borish tashvishidan qutilganligi haqida yozadi. Keyinchalik ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lgan ushbu Teaning blogi Norvegiyadagi Plan Norway - “Nomunosib nikoh”ga qarshi kurash kompaniyasi tomonidan uyushtirilganligi ma'lum bo‘ladi.   

Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning Bahrayn, Urugvay (12 yosh), Kosta-Rika, Bagama orollari, Dominikana Respublikasi, Iordaniya, Sloveniya, Kolumbiya(12 yosh), Surinam va Janubiy Afrika, Kuba, Gvatemala va Venesuyela (15 yosh) kabi ayrim mamlakatlarida erta turmushga chiqish qonun bilan kafolatlangan. 

AQShning quyidagi shtatlarida ham qizlar ota-onasining roziligi bilan erta turmushga chiqishi mumkin: Missuri, Missisipi, Jorjiya, Aydaxo (15 yoshda), Texasda (14 yosh), Nyu-Gempshir (13 yosh), Massachusets(12 yosh).

 

Top