12:33 / 12.05.2016
18519

Eng «uyquchi» mamlakat nomi e'lon qilindi

Amerikalik matematiklar  smartfondagi dastur yordamida dunyoning 100ta mamlakatidan mingga yaqin insonlarning uyqu borasidagi ma'lumotlarini o‘rganib chiqishdi.   

Ma'lum bo‘lishicha, eng «uyquchi» mamlakat Niderlandiya bo‘lib, u yerda, asosan, ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq uxlashar ekan. 


Michigan universitetining matematiklari Daniel Forjyer va Oliviya Valx ikki yil muqaddam sayyohlarga jyetlag (vaqt mintaqasining o‘zgarish xastaligi)ga qarshi kurashishda yordam beruvchi Entrain dasturini ishga tushirishdi. Keyinchalik mazkur dastur orqali matematiklar dunyo bo‘ylab minglab insonlarning kun tartibi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plashdi.  

 Tadqiqotchilar vaqtni ko‘proq uyquga sarflash ko‘p hollarda yarim tungacha ishlash zaruriyati yoki do‘stlar davrasida kechani o‘tkazish kabi ijtimoiy sabablarga bog‘liq, degan xulosaga kelishdi. Uyg‘onish esa insonning individual bioritmlariga bog‘liq ekan. Shu sababli, ba'zan kishi kechgacha uyg‘oq yurib, tongda miriqib dam olaman, degan hayolga aldanib qoladi.  

Shuningdek, olimlar ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha hisobda 30 daqiqaga ko‘proq uxlashini aniqlashdi.  O‘rta yoshdagi erkaklar eng kam uxlashar ekan  —  ularning uxlash davomiyligi sutkasiga yetti-sakkiz soatli odatiy uyqudan kamroq darajani ko‘rsatdi. 


Eng «uyquchi» mamlakat Niderlandiya bo‘lib, mamlakat aholisi o‘rtacha 8 soat 12 daqiqa uxlashar ekan. Ular uyquga deyarli 7 soat 24 daqiqa vaqt ajratuvchi Yaponiya va Singapurliklardan 45 daqiqa ko‘proq dam olishlari ma'lum bo‘ldi.  

Oliviya Valx qayd etishicha, ko‘p hollarda insonlar dam olish tushunchasini to‘g‘ri anglamay turib, olti soatli uyqu bilan ham yashash mumkin, deb hisoblashadi. Olimlarning aytishicha, uyqusizlik holatidan bir necha kun o‘tgach, karaxt yurgan kishini mastlikning yengil darajasi bilan taqqoslash mumkin. 

«Eng ayanchlisi, odamlar uyqusiragan holda kundalikdagi o‘z vazifalarini uddalay olaman, deb o‘ylashadi. Aslida esa bu kabi vaziyatlarda inson reproduktiv salomatligi keskin darajada yomonlashadi, kishi esa buni sezmaydi», — deya ogohlantirdi Oliviya Valx. 
 

Top