18:31 / 13.05.2016
10345

Chegarani kesib o‘tmoqchi bo‘lgan yoshlarga tegishli jazo berildi

Baxtiyor ertalab kuyovi-singlisining turmush o‘rtog‘i Abdujalilning qo‘ng‘irog‘idan uyg‘onib ketdi. Bir iltimos chiqib qoldi. Qo‘shnimizning qizi Azimani Qirg‘izistonga o‘tkazib yuborish kerak. Bir ilojini qilsak, yaxshi bo‘lardi, -dedi Abdujalil. Baxtiyor Rozi bo‘ldi. Bu orada Azimaning o‘zi ham uning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. 

Kelishuvga binoan Azima kasalxona oldiga yetib keldi. Azimaning otasi asli qo‘shni respublikadan bo‘lib, onasi o‘zbekistonlik, aniqrog‘i, paxtaobodlik, qiz shu yerda o‘qirdi. U tez-tez otasidan xabar olib kelar, bu gal ham otasini sog‘ingani uchun o‘sha yoqqa bormoqchi, biroq chegaradan o‘tishning o‘zi bo‘lmasligini bilib, kimningdir bu boradagi yordamiga muhtoj edi.   

Baxtiyor Azimaning hujjatlari joyidaligini bilgach, uni chegardan o‘tkazib yuborishga rozi bo‘ldi va “xizmat”i evaziga 20 ming so‘m oldi. Biroq u chegaraning belgilangan joyidan qizni qo‘shni mamlakatga o‘tkazib yuborishning uddasidan chiqolmadi. Kun kech bo‘lganidan xavotirga tushgan qizni yigit boshqa tarafga, aylanma yo‘lga boshlab ketdi. 

Shu payt To‘xtanglar! –dedi kimdir. O‘zlari tomonga chegarachining yugurib kelayotganini ko‘rgan Baxtiyor va Azima sarosimaga tushishdi.  Bir zumda hamma narsaga oydinlik kiritildi. Baxtiyorning chegaradan o‘tish tartibini buzib, qonun buzilishi sodir etgani oydinlashdi. 

Izboskan tumani Lo‘g‘umbek qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Baxtiyor Beknazarov tomonidan sodir etilgan jinoiy ish, ya'ni voyaga yetmagan kollej o‘quvchisi Azimaning iltimosiga ko‘ra aylanma yo‘llarga o‘tib, shu orqali uni otasi huzuriga kuzatmoqchi bo‘lgan, chegara buzish holatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkazolmagani jinoyat ishlari bo‘yicha Isboskan tuman sudi majlisida qonun tarozisiga solindi.

Qonunbuzar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli  modda va bandlariga ko‘ra aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Azima esa eng kam ish haqinnig 2 baravari miqdorida jarima jazosiga tortildi.

Top