11:04 / 13.05.2016
6182

Temir niqobdagi odam kim bo‘lgani haqida yangi kitob yozildi

Kaliforniya (Santa-Barbara) universitetining tarix fani professori Pol Sonnino o‘zining yangi “The Search for the Man in the Iron Mask: A Historical Detective Story” ("Temir niqobdagi odamni aniqlash bo‘yicha tadqiqot: tarixiy detektiv hikoya") kitobini taqdim etdi. Muallif  kitobda Lyudovik  XIV davrida temir niqobli odam laqabini olgan sirli asirning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini qayd etdi. Bu haqida Discovery sayti xabar bermoqda.

Temir niqob — haqiqiy ismi hanuz tarixshunoslar va olimlar uchun jumboq bo‘lib kelayotgan shaxsning laqabi bo‘lib, u 1669 yilda qamoqqa olinadi. Uni 1703 yilda vafot etguniga qadar, 30 yildan ortiq vaqt davomida Bastiliya va boshqa fransuz qamoqxonalarida tutqunlikda saqlashgan. Mahbus qamoqda doim niqob taqqanligi uchun shaxsi noma'lum bo‘lib kelgan, deya qayd etadi Sonnino.

«Olimlar mahbusni Estash Dojye deb chaqirishgan va u hamisha baxmaldan tayyorlangan niqobda yurgan, degan fikrlarni bildirishadi», deydi Sonnino. Muallif o‘z kitobida temir niqobdagi odam to‘g‘risida tarixiy hujjatlardan misollar keltirib, o‘quvchilarni o‘z tadqiqotini isbotlovchi turli dalillar bilan tanishtiradi. Uning aniqlashicha, Dojye Lyudovik XIV hukmronligining ilk davrlarida Fransiyaning birinchi vaziri hisoblangan kardinal Mazarinining xona xizmatchisi bo‘lgan. Kitob muallifining so‘zlariga muvofiq, xizmatchi Mazarini boyligining bir qismi  Angliya qirol va qirolichasidan o‘g‘irlangan, deb hisoblagani uchun uni qamoqqa yuborishadi va agar Dojyening shaxsi aniqlangudek bo‘lsa, o‘lishini aytib, tahdid qilishadi. 
 

Top