Light | 19:21 / 13.05.2016
42355
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zingizni tekshirib ko‘ring: Sizda yurak xuruji xavfi bormi?

Sizda miokard infarkti xavfi qay darajada? Buni bir necha xavf-xatar omillari yordamida baholash mumkin. Ularni nazorat qilinadigan va nazorat qilinmaydigan xavf omillariga ajratiladi. Ular orqali inson bu kasallikka moyilligi qay darajadaligini bilib olishi mumkin.

Yoqimsiz tomoni shundaki, aksariyat xavf-xatar omillari ko‘pchilikka xos. Yoqimli tomoni esa - ularning ba'zilarini nazorat qilish o‘zimizning qo‘limizda ekanligi. 

Shunday qilib, yurak xuruji xavfi omillarini ikkita asosiy guruhga bo‘lish mumkin - biz hukmron bo‘lmagan va nazorat qila olmaydigan hamda nazorat qila oladigan holatlar. 

Nazorat qilinmaydigan xavf omillari
Ularga birinchi navbatda yosh, jins va gen bilan bog‘liq omillar kiradi. Bunday vaziyatda qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Shuningdek, nazorat qilinmaydigan omillarga quyidagilar kiradi:

Irsiyat. Agar yaqin qarindoshlaringizdan biri yurak kasalligiga erta yo‘liqqan bo‘lsa, xavotir olishingizga asos bor. "Erta" deganda nima nazarda tutiladi? Bu yerda erkaklar 50 yoshgacha hamda ayollar 60 yoshgacha bo‘lgan davrda yurak kasalliklariga chalinishi nazarda tutilgan. 

Yoshingizga baho bering, agar 55 yoshdan oshgan erkak yoki 65 yoshdan o‘tgan ayol bo‘lsangiz, sizda ham xavotirga o‘rin bor.

Shuningdek, agar sizning surunkali kasalligingiz bo‘lsa, ayniqsa buyrak kasalliklari. 

Yuqorida qayd etilgan nazorat qilinmaydigan omillar orasida o‘zingizda uchraydigan holatni ko‘rgan bo‘lsangiz, quyida keladigan ikkinchi guruhdagi omillarni kamaytirishga va yo‘q qilishga maksimal darajada harakat qilishingiz zarur. 

Nazorat qilinadigan xavf omillari
Quyida keltirilgan holatlarga alohida diqqat qilinsa, yurak xuruji xavfini sezilarli kamaytiradi:

Chekish. Bu har qanday yoshda kuchli xavf omili hisoblanadi. 

Gipertoniya. Yuqori qon bosimi yurak xuruji hamda insultga olib keluvchi asosiy xavf omilidir. Gipertoniya 55 yoshdan katta kishilarda tez-tez uchrab turadi, shu bois qon bosimingizda o‘zgarishlar sezmasangiz ham, har yili shifokor tekshiruvidan o‘tib, sog‘lig‘ingizni nazorat qilib boring. 

Xolesterin va triglitseridlarning yuqori darajasi. Ular xavf oshishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. 

Semizlik. Ortiqcha vazn, ayniqsa bel va qorin sohasidagi "g‘ildirak" vaqtidan ilgari "bu dunyoni tark etish" ehtimolini oshiradi.

Diabet. Tibbiyot kartasida "diabet" tashxisi qo‘yilayotgan kishilar soni kun sayin ortib bormoqda. Bu aksariyat holatlarda ortiqcha vazn bilan bog‘liq. Diabet, xususan, qand kasalligi va metabolik buzilishlar ateroskleroz rivojlanishini tezlashtiradi. Buning natijasida - yurak xurujini ham.

Jismoniy mashqlarning kamligi. Jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanuvchi kishilar kardiologga kamroq murojaat qilishi ilm-fan ahli tomonidan ko‘p marta isbotlangan.

Metabolik sindrom. Bu diabetdan oldingi holat va u ham ma'lum bir ma'noda yurak kasalliklari xavfini oshiradi.

S-reaktiv oqsilining (glikoprotein) oshishi. Bu nisbatan yangi xavf omili. Bu oqsilning ko‘payib ketishi tananing faol yallig‘lanishiga olib keladi, bu esa o‘z o‘rnida qon tomirlariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. 

Ruhiy stress. U yurak xuruji bilan uzviy bog‘langan.

Spirtli ichimliklarni suiiste'mol qilish

Ayollar uchun yana ikkita qo‘shimcha omil:
Bir vaqtning o‘zida homiladorlikdan saqlovchi dori vositalarini qabul qilish va chekish. Bu ayniqsa 35 yoshdan oshgan ayollarda yurak xuruji xavfini tug‘diradi. Agar chekishdan voz kechilsa, xavf ortda qoladi. 

Homiladorlik davridagi qiyinchiliklar. Homiladorlik paytida yurak xuruji - juda kamyob hodisa, biroq uchrab turadi. 40 yoshdan o‘tgan ayollar homiladorligida bu holatga duch kelish mumkin.