07:07 / 13.05.2016
7031

JSST havosi eng ifloslangan shaharlar ro‘yxatini taqdim qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti havosi eng ifloslangan shaharlar nomini ma'lum qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

Eng iflos havo Eronning Zabol shahrida bo‘lib, bu yerda deyarli butun yoz oylari qum bo‘ronlari hukm suradi. 2- va 3-o‘rinni Hindistonning Gvalior va Allohobod, 4- va 5-o‘rinni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod va Al-Jubayla shaharlari  egalladi. Ular ortidan Hindistonning Patna va Raypur shaharlari kelmoqda. 2015 yilda ro‘yxatga boshchilik qilgan Hindiston poytaxti Nyu-Dehli yangi ro‘yxatda 11-o‘rinni egalladi. 

JSST bu reyting to‘liq bo‘lmasligi, chunki unga vaziyat ancha og‘irroq bo‘lgan aholi punktlari kiritilmagan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi. Hanuzgacha dunyo bo‘ylab ko‘plab shaharlarda havo sifatini nazorat qilish tizimi mavjud emas va u yerdagi ifloslanish darajasini baholashning imkoni yo‘q.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, ifloslangan havoga ega shaharlarda aksariyat o‘pka saratoni va infarktlar qayd etiladi. Har yili nomaqbul ekologik vaziyatga ega aholi punktlarida yashashga majbur bo‘lgan 7 mln dan ko‘proq odam vafot etadi. Atrof-muhitning ifloslanishiga asosiy sabablar birinchi navbatda dizel dvigatelli avtomobillar chiqindi gazlari, baland binolarni isitish va sovitish tizimlari, o‘z vaqtida olib chiqib ketilmagan chiqindilar, issiqlik elektr stansiyalaridan chiqadigan ko‘mir changi hisoblanadi.

Top